Sport

Gukesh — Sindarov matchida mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi

Published

on


FIDE 2026-yilgi jahon chempionligi uchun match reglamentini e’lon qildi. Unga ko‘ra, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarovga qarshi shaxmat tojini himoya qiladi.

Match 22-noyabrdan 12-dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahridagi Fondation Martin Bodmer majmuasida bo‘lib o‘tadi. Birinchi klassik partiya 24 noyabrda, so‘nggisi esa 11-dekabrda o‘ynaladi. Agar 14 partiyadan keyin hisob teng bo‘lsa, 12-dekabr kuni tay-breyk o‘tkaziladi.

Jahon chempionligi bahsi ko‘pi bilan 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi. Birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan shaxmatchi chempionlikni qo‘lga kiritadi.

Gukesh va Sindarov match boshlangan paytda 20 yoshda bo‘ladi. Shu tariqa, bu jahon chempionati tarixidagi eng yosh ikki shaxmatchi o‘rtasidagi chempionlik bahsi bo‘ladi.

Javohir Sindarov jahon chempionligi uchun matchda ishtirok etish huquqini 2026-yilgi FIDE Nomzodlar turnirida g‘olib chiqib qo‘lga kiritdi. U musobaqada 14 imkoniyatdan 10 ochko to‘plab, birorta ham partiyada mag‘lub bo‘lmadi va turnir g‘olibligiga bir tur qolgandayoq erishdi.

Bundan oldin Sindarov 2025-yilgi FIDE Jahon kubogida ham g‘olib chiqqan edi. U mutlaq jahon chempioni unvoni uchun matchda ishtirok etadigan O‘zbekiston tarixidagi birinchi shaxmatchi bo‘ladi.

Gukesh esa 2024-yilda Singapurda Din Lijenni 7,5:6,5 hisobida mag‘lub etib, jahon chempioni bo‘lgan. U o‘shanda 18 yoshida shaxmat tarixidagi eng yosh mutlaq jahon chempioniga aylangan.

Matchning umumiy mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi. Reglamentga ko‘ra, har bir g‘alaba uchun shaxmatchiga 200 ming dollardan beriladi, qolgan mablag‘ esa ikki ishtirokchi o‘rtasida taqsimlanadi.

Jahon chempionligi uchun bahs Fondation Martin Bodmer — jahon adabiyoti va insoniyat tarixiga oid noyob qo‘lyozmalar hamda hujjatlar saqlanadigan mashhur kutubxona-muzeyda o‘tkaziladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version