Dunyodan
Grenlandiya masalasi Davos kun tartibiga soya solayotgandek.
Kecha, 19-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida 56-Jahon iqtisodiy forumi ochildi. Joriy yilda an’anaviy global iqtisodiy muammolarni muhokama qiluvchi forum geosiyosiy mojarolar markaziga aylandi.
Mazkur forumda 130 ta davlatdan 3000 ga yaqin kishi, jumladan, davlat rahbarlari, yirik kompaniyalar rahbarlari, iqtisodchilar, olimlar ishtirok etmoqda. Bu yilgi anjumanda AQSh prezidenti Donald Tramp diqqat markazida. U yillar davomida birinchi marta Davosga shaxsiy tashrif bilan AQShning eng yirik delegatsiyasiga boshchilik qilmoqda.
Forum arafasida Prezident Trampning Grenlandiya boʻyicha rejalari va bu borada Yevropa Ittifoqi davlatlariga savdo bosimining kuchayishi yevropalik siyosatchilarning jiddiy qarshiliklariga sabab boʻldi. Bu holat AQSh va Yevropa munosabatlarini yanada keskinlashtirdi.
Yevropa Ittifoqi ham xuddi shunday mumkin bo’lgan qarshi choralarni muhokama qilmoqda. Ba’zi manbalarga ko’ra, Bryussel taxminan 93 milliard yevroga teng qarama-qarshi tariflarni joriy etish variantini ko’rib chiqmoqda. Agar qabul qilinsa, bu qaror oxirgi yillardagi eng yirik savdo mojarosiga olib kelishi mumkin.
Umuman olganda, global iqtisodiy o‘sish, barqaror rivojlanish, moliyaviy risklar forum kun tartibidagi asosiy mavzulardir. Bu yil esa iqtisodiy masalalar ikkinchi darajaga koʻtarildi, asosiy muhokama AQSh va Yevropa oʻrtasidagi geosiyosiy mojaroga, xususan Grenlandiya boʻyicha bahsga qaratildi.
Shu bilan birga, Ukraina va Yaqin Sharqda davom etayotgan mojarolar va ularning global xavfsizlikka ta’siri ham forum kun tartibidan o‘rin olgan. Boshqa sessiyalarda sun’iy intellektning global iqtisodiyot va xavfsizlikka ta’siri, shuningdek, dunyodagi chuqurlashib borayotgan iqtisodiy tafovutlar muhokama qilinadi.
Forum tashkilotchilarining fikricha, Davos nafaqat iqtisodiy muloqot forumi, balki global siyosiy qarorlar qabul qilinadigan muhim xalqaro maydondir.