Iqtisodiyot

Germaniyada “soya iqtisodiyoti” hajmi 2014 yildan beri eng yuqori darajaga yetdi

Published

on


2025 yilda Germaniya Federativ Respublikasi (GFR)da soya iqtisodiyoti hajmi 510 mlrd yevroni tashkil qildi. Bu – 2014 yildan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich. Asosiy sabablar sifatida YaIMning sust o‘sishi va ishsizlik darajasining oshishi keltirilmoqda. Prognozga ko‘ra, joriy yilda “soya sektori” 5,5 foizga kattalashadi.

Foto: Thomas Imo/photothek/IMAGO

Germaniyada soya iqtisodiyoti hajmi 2025 yilda 510 mlrd yevroga yetdi. Bu 2014 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich. Bunday ma’lumotlarni o‘z tadqiqotiga tayanib Tyubingendagi Iqtisodiy tadqiqotlar instituti (IAW) seshanba, 27 yanvar kuni e’lon qildi. Institut baholashicha, joriy yilda soya sektori 5,5 foizga o‘sib, 538 mlrd yevroga yetadi.

Shu tariqa soya iqtisodiyotining moliyaviy ko‘rsatkichlari rasmiy yalpi ichki mahsulot (YaIM)ga nisbatan 11,4 foizdan 11,6 foizga ko‘tariladi.

IAW soya sektor hajmi o‘sishining asosiy sabablari sifatida YaIM o‘sishining sustligi va ishsizlik darajasining oshishini keltirdi. Hisobotda qayd etilishicha, bu “rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan mehnat munosabatlaridan tushadigan daromadlarni kamaytiradi va norasmiy yoki noqonuniy faoliyatga turtki beradi”.

Kutilishicha, 2026 yilda YaIM o‘sishi 1,2 foiz atrofida bo‘ladi, ishsizlar soni 2,9 mln kishini tashkil qiladi. Inflatsiyaning prognoz qilingan darajasi — 2 foiz.

Yil boshida minimal ish haqi oshirilgani va qo‘shimcha ish (mini jobs)dan tushadigan daromad uchun belgilangan chegara miqdor ko‘tarilgani ham soya iqtisodiyoti o‘sishiga hissa qo‘shadi — real hisobda 2,4 mlrd yevroga.

Federal statistika idorasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda Germaniya YaIM o‘tgan yilga nisbatan 0,2 foizga o‘sgan.

Berenberg Bank’ning kon’yunktura bo‘yicha eksperti Feliks Shmidt ta’kidlashicha, Germaniya iqtisodiyotining avvalgi yillarda sust rivojlanishiga sabablar orasida, jumladan, Rossiya Ukrainaga qarshi boshlagan urush fonida energiya resurslari narxining yuqoriligi, shuningdek AQShning bojlari va Xitoy raqobatining kuchayishi tufayli nemis eksportchilariga tushgan bosim bor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashqi omillarga ichki muammolar ham qo‘shilgan: ortiqcha byurokratiya, ishchi kuchi tanqisligi va ijtimoiy ajratmalarning o‘sishi. Shmidt baholashicha, “qarz tormozi”ni yumshatish va federal hukumatning qo‘shimcha xarajatlari 2026 yilda o‘sish sur’atlarini yuqoriroq qilishi mumkin.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version