Jamiyat
Germaniyada o‘zbekistonlik yoshlar uchun maxsus ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar va mutaxassislar uchun Germaniyada maxsus yozgi o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu masala Germaniyaning Frayburg shahrida o‘tkazilgan xalqaro uchrashuvda muhokama qilindi.
O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari, Shveytsariyaning Swiss Cham Asia tashkiloti hamda Singularity Academy instituti rahbariyati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotda ta’lim, ilm-fan va sarmoya sohalaridagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar va mutaxassislar uchun Germaniyada yoz mavsumida maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish, ularning xalqaro tajriba va bilimlarini oshirish imkoniyatlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar “O‘rta koridor” transport yo‘lagini ilmiy jihatdan o‘rganish, O‘zbekistonga sarmoya jalb qilish, sog‘liqni saqlash va “yashil” energetika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish va hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.