Jamiyat
Germaniya O‘zbekistonda «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish uchun 9 mln yevro ajratadi
O‘zbekistonda hududlarni barqaror rivojlantirish va «yashil» iqtisodiyotni rag‘batlantirish maqsadida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan yangi kelishuv imzolandi. Hujjatga ko‘ra, master rejalar ishlab chiqish va «yashil» pilot loyihalarni amalga oshirish uchun 9 million yevro miqdorida grant mablag‘lari jalb etiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda GIZning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ishtirokida o‘tgan muzokaralarda tomonlar ilgari amalga oshirilgan ishlar natijalarini tahlil qilib, yangi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab oldi. Qayd etilishicha, avval ajratilgan grantlar hisobidan 12 ta tuman uchun kompleks rivojlanish master rejalari ishlab chiqilgan va 24 ta pilot loyiha ijobiy baholangan.
Jumladan, Shahrisabz tumanida 500 gektar maydonda agroturizm majmuasi tashkil etilgan. Shuningdek, Amudaryo, Chimboy, Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Mirishkor, Xiva va Hazorasp tumanlarida kasbga o‘qitish markazlari yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, intensiv baliqchilik xo‘jaliklari rivojlantirilib, ijtimoiy obyektlarda energiya tejovchi issiqlik nasoslari o‘rnatilgan, IT va hunarmandchilik markazlari tashkil etilgan. Ushbu ishlar uchun jami 1,3 million yevro grant mablag‘lari yo‘naltirilgan.
Yangi kelishuvga muvofiq, 2026–2029 yillarda ushbu tashabbuslar yangi bosqichga olib chiqiladi. Xususan, master rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda sun’iy intellekt va innovatsion tahlil usullaridan foydalanish, shuningdek «yashil» pilot loyihalarni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Vazirlik axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Baxmal, Boysun va So‘x tumanlarida ham yangi master rejalar asosida pilot tashabbuslar amalga oshiriladi. Shuningdek, loyihalar samaradorligini oshirish maqsadida mahalliy va xorijiy ekspertlar jalb qilinib, mutaxassislar malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturlari, seminar va treninglar tashkil etiladi.
Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish, hududlarni kompleks tarzda modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.