Sport
Gennadiy Golovkin World Boxing prezidenti etib saylandi
Qozog‘istonlik afsonaviy bokschi Gennadiy Golovkin World Boxing xalqaro federatsiyasi prezidenti etib saylandi.
Saylovga faqat Golovkin qo‘yildi. Barcha talabgorlar uch nafar mustaqil ekspertni o‘z ichiga olgan verifikatsiya komissiyasi tekshiruvidan o‘tkazildi. Shuningdek, jarayon sport arbitraji bilan shug‘ullanuvchi Sport Resolutions xalqaro tashkiloti tomonidan nazorat qilindi.
Golovkin yagona nomzod bo‘lgani uchun uning tasdiqlanishi World Boxing nizomiga ko‘ra Kongress tomonidan ovoz berishsiz ma’qullandi.
World Boxing – Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi bir qator muammolar, jumladan, moliyaviy shaffoflikning yo‘qligi va korrupsiya tufayli IBA (sobiq AIBA) tashkilotini tan olish maqomidan mahrum qilganidan keyin 2023 yilda tashkil etilgan xalqaro sport tashkiloti.
Endi havaskor boks, jumladan, olimpiya boksi World Boxing tomonidan boshqariladi. 2024 yil sentabr oyida Golovkin tashkilotning Olimpiya komissiyasi raisi bo‘ldi, ko‘plab milliy federatsiyalar tomonidan tan olinishi uchun ko‘p harakat qildi va boks 2028 yilgi Yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturida saqlanib qoldi.
Golovkin World Boxing prezidenti lavozimida niderlandiyalik sport funksioneri Boris van der Vorst o‘rnini egalladi.
Gennadiy Golovkin – Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, 2003 yilgi jahon chempioni va 2004 yilgi Olimpiya o‘yinlarining kumush medali sovrindori. Professional faoliyatida u 45 ta jang o‘tkazib, 42 ta g‘alaba qozongan, shundan 37 tasini nokaut bilan yakunlagan, shuningdek, ikkita mag‘lubiyat va bitta durang qayd etgan. Golovkin o‘rta vazn toifasida WBC, IBF, IBO va WBA chempionlik unvonlariga ega bo‘lgan, ketma-ket 23 ta nokaut seriyasini qayd etgan va o‘rta vazn toifasida rekord darajadagi nokautlar foizi uchun Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan.
2024 yil fevralidan beri Golovkin Qozog‘iston Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari lavozimida ishlab kelmoqda.