Jamiyat
Gaz ta’minoti filiali xodimi pora talab qilgan paytda ushlandi
Jizzax shahrida “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filialining yetakchi mutaxassisi 6 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. U nosoz gaz hisoblagich bo‘yicha tuzilgan dalolatnomani bekor qilish va tergovga qadar tekshiruvda jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslikni “hal qilish”ni va’da qilgani aytildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbir jarayonida “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali yetakchi mutaxassisi filial binosi oldida pulni qabul qilayotganda ushlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Jizzaxda faoliyat yurituvchi MChJda tekshiruv paytida nosoz gaz hisoblash uskunasini aniqlab, bu haqda dalolatnoma tuzgan.
Aytilishicha, mazkur shaxs o‘z xizmat mavqeini suiiste’mol qilib, dalolatnomani bekor qilish va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Jizzax shahar bo‘limi olib borayotgan tergovga qadar tekshiruv bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik masalasini hal etish evaziga 6 ming AQSh dollari talab qilgan.
Laboratoriya tekshiruvi natijasida gaz hisoblagich tashqi ta’sirsiz holda nosoz bo‘lib qolgani aniqlandi. Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov doirasida “tanish” sifatida tilga olingan shaxsning kimligiga aniqlik kiritilib, unga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.