Sport

Futbolda iqlimiy va geografik omillarni ham inobatga olish kerak

Published

on


Futbol – millionlarni birlashtiradigan o‘yin. Ayniqsa, katta turnirlar, jumladan Jahon chempionati yoshu qarini, erkag-u ayolni, har turli soha vakillarini qiziqtiradigan turnirdir. O‘zbekiston milliy jamoasining Mundialda ilk bor ishtirok etishi xalqimiz orasida ushbu turnirga qiziqishni chandon oshirdi. Shu bilan birga, ayrim soha mutaxassislari futbolchilarimizga g‘alaba tilash bilan birga, o‘z sohalari doirasida foydali fikrlar va maslahatlar bilan ham bo‘lishib turishibdi. Ulardan biri, saytimizning doimiy rezidenti, meteorolog, iqlimshunos Erkin Abdulahatov.

O‘zim futbolga qiziqaman. 1998-2000 yillardan boshlab muntazam katta turnirlarni tomosha qilaman. O‘yinlarni kasbim taqozosi bilan tashqi ob-havo muhiti prizmasi orqali ham kuzatib, o‘yinchilarning holatiga tashqi ta’sirni modellashtirib yuraman. Buni butun dunyo tan olgan – tashqi muhit futbolchilar fiziologiyasiga va o‘yiniga 20-30 foiz darajada ta’sir ko‘rsatadi. Sovuq havo, issiqlik stressi – termoregulyatsiya futbolchilarning harakatlariga, jumladan, to‘p uzatish, pressing qilish, sprint kabilarga, shubhasiz, ta’sir qiladi. Bu ilmiy jihatdan isbotlangan va yangilik emas.

Dengiz sathidan olinadigan balandlik ham shular jumlasidan. Ko‘pchilik toqqa chiqqanida kislorod yetishmasligini his qiladi. Deylik, o‘zimizdagi Amirsoy yoki Arashanga chiqqaningizda tekislikdagi harakatlaringiz va yerdagi harakatlarda farq seziladi. Masalan, tekislikda siz 100 metrni bosib o‘tishda 11-12 soniya sarflasangiz, yuqorida bu 15-16 soniyani tashkil qilishi mumkin. Chunki yuqorida havoning bosimi pasayadi, kislorod siyraklashadi. Milliy jamoamiz o‘ynagan Meksikaning Mexiko shahri dengiz sathidan 2240 metr balandlikda joylashgan. Shuningdek, Toluka shahri ham bor va u 2660 metr yuqorida. Bu Jahon chempionatlari tarixidagi eng yuqori nuqtadagi stadionlar. Biz o‘ynagan “Atsteka” stadionida 1970 va 1986 yillardagi Jahon chempionatlari o‘yinlari ham o‘tkazilgan. O‘sha paytlarda ham turli OAVlarda bu stadionlarda o‘ynash qiyinligi haqida o‘sha yerda to‘p tepgan jamoalar vakillarining gap-so‘zlari yoritilgan.

Ta’kidlashim kerak, men bu omillar haqida o‘yindan so‘ng chiqib aytmayapman. Men o‘yindan oldin bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda yozdim. Bunday balandlikdagi o‘yinlarga futbolchilarning tayyorlanishi uchun ikki variant bor: birinchisi, o‘yindan 48 soat avval borish kerak. Bunday holatda ob-havo va bosimga organizm moslashadi, xolos. Bunda ular to‘pga fizik ta’sir omillarini o‘rganishga ulgurmaydi. To‘pni tepayotganda oddiy tekislikda qanday zarb berish kerag-u, balandda qanday kuch bilan zarba berish kerakligini ham o‘rganish lozim. Buni atroflicha o‘rganish uchun esa o‘sha muhitga 10-15 kun avval borish kerak. Ko‘rgan bo‘lsangiz, futbolchilarimiz standart vaziyatlarda to‘pni uzatayotganda paslar juda noaniq ketdi. To‘p doim mo‘ljallangan masofadan o‘tib ketaverdi, ya’ni futbolchining jamoadoshiga uzatilgan to‘p aniq bormay, 3-4 metr va undan uzoqroq masofaga uchib ketaverdi.

***

Portugaliyaga qarshi o‘yinimiz qulay ob-havo sharoitida o‘tadi. Hyustonda usti yopiladigan stadion. Unda konditsionerlar ishlaydi va 22-24 darajalai komfort muhit bo‘ladi.

Erkin Abdulahatovning fikrlarini havola orqali o‘tib, to‘liq tomosha qilishingiz mumkin. Biz esa bugungi o‘yinda Vatanimiz jamoasini qo‘llab-quvvatlab, unga omad tilaymiz.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version