Sport

Futbolchilarning jismoniy holatidan xavotirdaman – Fabio Kannavaro

Published

on


O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Toshkentda bo‘lib o‘tadigan FIFA Series xalqaro turniridan oldin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

27-30 mart kunlari O‘zbekiston ushbu o‘rtoqlik turniriga mezbonlik qiladi va milliy jamoa Gabon (27 mart) va Venesuelaga (30 mart) qarshi maydonga tushadi.

Milliy jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro 26 mart kuni jurnalistlarning savollariga javob berdi.

– Biz har doim kuchli jamoalarga qarshi o‘ynashga harakat qilamiz. FIFA bizga bu imkoniyatni berdi va biz har qanday raqibga qarshi o‘ynashdan mamnunmiz.

– Ko‘proq o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz, biri Kanada, ikkinchisi AQSh hududida bo‘ladi. Biz turli mamlakatlarning turli darajadagi jamoalari bilan o‘ynashni xohlaymiz. Chunki Jahon chempionati butunlay boshqacha darajada bo‘ladi. Portugaliya va Kolumbiya turnirning eng kuchli jamoalari qatorida. Shuning uchun biz tayyor bo‘lishimiz kerak. Agar kimdir Jahon chempionati oson bo‘ladi, deb o‘ylasa adashadi.

– Gabonning yorqin yulduzlari (Obameyang, Lemina) Toshkentga kelmadi? Men jamoamni tayyorlayman va raqib haqida o‘ylamayman. Biz ularning qanday o‘ynashini o‘rganib chiqdik va so‘nggi o‘yinlarini tomosha qildik.

– Kelgusi ikki o‘yinda barchaga o‘ynash imkoniyatini berishga harakat qilaman. Bunday o‘yinlarda futbolchilarni kuzatish va ularni tushunish muhim va umid qilamanki, vaziyat bunga imkon beradi.

– O‘rtoqlik o‘yinlari bo‘lsa ham, biz bor kuchimizni sarflashga va g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Biz futbolchilarni sinab ko‘rishni va yaxshiroq tushunishni xohlaymiz.

– Jarohat olgan Abbos Fayzullayev va Jaloliddin Masharipov ahvoli? Abbosni [Fayzullayevni] yo‘qotdik, men kelganimdan beri u ko‘p jarohat olyapti. Shunga o‘xshash muammolarga duch kelgan yana ikki yoki uch futbolchi bor va biz yechim topish uchun ko‘proq ishlashimiz kerak. Rostini aytsam, ular Jahon chempionatida o‘ynay oladimi yoki yo‘qmi, bilmayman. Biz ularning turnirning bir qismi bo‘lishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz.

– Hozir milliy jamoaga chaqiruv olish huquqiga ega bo‘lgan futbolchilarning kengaytirilgan ro‘yxati 55 nafar o‘yinchidan iborat. Lekin agar mavsum davomida kimdir yaxshi o‘yin ko‘rsatayotganini ko‘rsam, biz ro‘yxatni kengaytirishimiz mumkin.

– Hammani kuzatib borishga va ular bilan muloqot qilishga harakat qilaman, hatto birga bo‘lmaganimizda ham. Biz ularga qo‘ng‘iroq qilamiz, aloqada bo‘lamiz, chunki biz ularni kuzatib turganimizni his qilishi muhim.

– Eron chempionatida o‘ynagan futbolchilar bilan bog‘liq vaziyat? Bu yana bir muammo – juda jiddiy muammo. Futbolchilar shoshilinch ravishda ketishga majbur bo‘ldi. Biz ularga yordam berishga harakat qilmoqdamiz: ularni o‘z markazimizda fitnes murabbiyi bilan mashq qildiryapmiz va FIFA bilan ularga milliy ligamizda o‘ynashga ruxsat berish imkoniyatini muhokama qildik. Umid qilamanki, FIFA ushbu turnirdan keyin qaror qabul qiladi, chunki shunchaki mashq qilib, o‘ynamay yurish yaxshi emas.

– Jahon chempionatidagi qarorgoh sifatida Atlanta shahrini tanladik, chunki FIFA bizga ma’lum shartlarni — mehmonxonalar va infratuzilmani taklif qildi. Bunga sabab – birinchi o‘yinni Mexiko shahrida, ikkinchisini Hyustonda va uchinchisini Atlantada o‘tkazamiz va umid qilamanki, biz keyingi bosqichga chiqsak, yana Atlanta shahrida o‘ynash imkoniyati bor. Bundan tashqari, Atlantadagi mashg‘ulot markazi men ko‘rgan eng yaxshilaridan biri. Mehmonxona ham yaxshi — unda futbolchilarning tiklanishi uchun barcha zarur sharoitlar mavjud.

– Milliy chempionat futbolchilarining jismoniy tayyorgarligi? Agar futbolchilar Yevropada o‘ynasa, bu ularning yaxshi darajada ekanini anglatadi. Bizning ligamizdagi muammo shundaki, o‘yinlarning tempi har doim ham yuqori darajada emas. Mahalliy futbolchilarning jismoniy holati ba’zan juda yaxshi bo‘lmaydi.

– Ramazon oyi bo‘lgani, o‘yinlar ko‘p bo‘lgani va ularning darajasi yuqori bo‘lmaganini bilaman. Men futbolchilarni doim olg‘a undayman, chunki agar ular boshqalar bilan teng darajada bo‘lishni istasa, 100 foiz bunga harakat qilishi kerak. Rostini aytsam, bu meni juda tashvishga solmoqda. Jismoniy tayyorgarlik biz uchun eng muhimi. Musobaqadan oldin bizda atigi ikki yoki uch hafta vaqt bo‘ladi va jiddiy tayyorgarlik uchun deyarli vaqt yo‘q. Shuning uchun men yanvar oyida bu holatni yaxshilashimiz kerakligini aytgan edim. Men futbolchilarning jismoniy holatidan xavotirdaman.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version