Sport
«Futbolchilar ham so‘rashyapti» – Kapadze ishidagi mavhumlik haqida
U bu borada rasmiy izoh yo‘qligi charchatganini aytdi.
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze o‘z o‘rniga xorijlik murabbiy kelishi haqidagi gaplar yuzasidan yana bir bor munosabat bildirdi.
«Albatta, yangi murabbiy kelishi borasidagi gaplar turnir davomida o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Ish bilan chalg‘ishga harakat qilaman desam, ko‘rgan odam „Aka, nima bo‘lyapti?“ deb so‘rayveradi. Hatto ayrim futbolchilar ham so‘rashdi.
Hammasini rasmiy izoh orqali tartibga solsa bo‘lardi. Agar xorijlik murabbiy jalb qilishmoqchi ekan, kichik matbuot anjumani tashkillashtirib „Jahon chempionati tajribasiga ega murabbiy qidiryapmiz. Temurga qilgan ishlari uchun rahmat“ deb aytib qo‘yishsa bo‘lardi.
Hamma menga savollar beraverdi. Shu tomondan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi meni qiynab qo‘ydi. Ehtimol, o‘zlari ham hali yakuniy qarorga kelishmagandir.
Agar top darajadagi xorijlik murabbiy kelsa, qarshiligim yo‘q. Uning yonida yurib, ko‘r narsa o‘rganishim mumkin», –degan Kapadze Oriat Dono radiosidagi «Futbol+» ko‘rsatuvida.
Kapadze o‘rniga nomzodlar
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston milliy jamoasi boshqaruviga xorijlik murabbiy olib kelinishi haqida xabarlar chiqmoqda. Avvaliga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2014 yil Germaniyani jahon chempioniga aylantirgan Yoaxim Lyov bilan muzokaralar olib borgan, yakunda tajribali mutaxassis bu taklifni rad etgandi. Turkiyalik Fotih Terim haqida ham xabarlar chiqdi, ammo bu variant muzokaralar darajasiga yetib bormadi.
Keyinroq O‘FA portugaliyalik mutaxassis Paulu Bentuni milliy jamoa bosh murabbiyligiga asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqayotgani haqida xabar tarqaldi. Ammo ushbu mutaxassis bilan muzokaralar kelishuv bilan yakunlanmadi, ya’ni u ham taklifni rad etgan.
Endi esa OAVda xorvatiyalik mutaxassis Slaven Bilich O‘zbekiston milliy jamoasi bilan bog‘lanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Timur Kapadze joriy yil 22 yanvarida Srechko Katanets o‘rniga milliy jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangandi. Kapadze boshqaruvida jamoa 2026 yil AQSh, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan jahon chempionati saralashining 3-bosqichi doirasida o‘z uyida Qirg‘izistonni mag‘lub etdi (1:0) va mehmonda Eron bilan durang o‘ynadi (2:2). Shuningdek, safarda aynan Bentu boshchiligidagi BAA bilan o‘yinda durang hisobni saqlab qolib (0:0), o‘z tarixida ilk marta jahon chempionatiga chiqdi.
Uning boshqaruvida O‘zbekiston milliy jamoasi sentabr oyida CAFA Nations Cup turnirida g‘olib chiqdi.