Sport
Futbol tarixini ikki xonadonga joylagan minsklik sportchi arxivida «Paxtakor» ham bor
Bugun ijtimoiy tarmoqlar (xususan, Threads) orqali dunyoning istalgan nuqtasidagi noyob xazinalardan boxabar bo‘lish mumkin. Sport.onliner nashri minsklik Nikolay Karpovichning to‘plami ham ana shunday hayratlanarli topilmalardan biri ekanligi haqida yozadi. 1970-yillardan boshlab to shu kungacha chiqarilgan raritet futbol albomlari va stikerlarini jamlagan bu inson oddiy muxlis emas. Uning arxivida vimpellar, chiptalar, dasturlar, futbol haqida maqolalar, xabarlar chop etilgan eski gazetalar, kitoblar safi kengaygandan kengaymoqda.
Suratlar: Sport.onliner
Nikolay sport olamida o‘z o‘rniga ega taniqli funksioner va jurnalist. U o‘z vaqtida Minsk tumanining «Darida» klubi dublida to‘p surgan, afsonaviy «Presbol» gazetasida, Rossiya Oliy xokkey ligasi (VXL) direktori o‘rinbosari hamda «Match TV» telekanalida mas’ul lavozimlarda ishlagan. Hatto mamlakat Oliy ligasiga muqobil sifatida rejalashtirilgan «Maystar-lіga» loyihasi asoschilaridan biri bo‘lgan. Bugungi kunda esa u bolalar futbolini rivojlantirishga qaratilgan «Nika» loyihasi ustida ishlamoqda.
O‘zini oddiy kolleksioner emas, balki «shunchaki havaskor inson» deb ataydigan Nikolayning 1990-yilgi jahon chempionatidan boshlangan bu qiziqishi bugunga kelib ikki xonadonga joylashgan ulkan tarixiy arxivga aylandi.
Kolleksiyada nimalar bor?
Noyob albomlar va stikerlardan tortib 1970-yillardan boshlab chiqarilgan afsonaviy Panini to‘plamlarigacha. Hatto kolleksiyalari orasida tarixiy chiptalar — JCh-1970 va Olimpiada-1980 o‘yinlari, shuningdek, 1994-yilgi JCh finalining 475 dollarlik asl chiptasi,
eksklyuziv liboslar, afsonaviy sportchilar (Fil Espozito, Vladislav Tretyak) dastxati tushirilgan sviterlar va yevrokubok uchrashuvlarining noyob qaydnomalari (programmalari) ham joy olgan. Ta’kidlash joizki, kolleksiya faqat futbol tarixi emas, balki xokkey sport turi bilan bog‘liq ajoyib xotiralar bilan ham boyitilgan.
Sport kolleksionerlari olamida ba’zan birgina qog‘oz parchasi butun boshli ko‘chmas mulk qiymatiga teng bo‘lishi mumkin. Nikolay Voronejdagi mashhur kolleksionerlardan birining vafotidan so‘ng, uning uyidan Angliya chempionatining 1930 yillarga oid noyob dasturlarini qo‘lga kiritadi. O‘sha paytda marhumning jami 15 ming nusxadan iborat to‘plami qariyb 6 million rublga (200 000 dollar atrofida) baholangan edi. Nikolay kolleksionerning turmush o‘rtog‘idan o‘ziga kerakli futbol dasturlari nusxalarini 400 dollarga sotib oladi. Uning ta’kidlashicha, bu shunchaki xarid emas, balki o‘z kolleksiyasining qiymati va maqomini keskin oshirgan eng muvaffaqiyatli investitsiyalardan biri bo‘lgan.
Biz uchun eng diqqatga sazovor jihati
Nikolayning sobiq Ittifoq davriga oid arxiv materiallari va 1991 yilgi so‘nggi SSSR chempionati taqvim-kalendarlari orasida yurtimiz faxri — «Paxtakor» jamoasi a’zolari suratlari tushirilgan noyob kalendar ham saqlanib qolgan.
Futbolga bo‘lgan bunday cheksiz muhabbat va fidoyilik bizning muxlislarga ham begona emas. Yaqindagina o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Kolumbiyadagi o‘yinda terma jamoamizni bevosita stadiondan qo‘llab-quvvatlash uchun hatto AQSh orqali viza olishdek murakkab yo‘llarni bosib o‘tishdi.
Xo‘sh, oramizda ham mana shunday katta tarixni, o‘zbek futbolining noyob ashyolari, eski chiptalari va rasmiy dasturnomalarini (programmalarini) yillar davomida uyida asrab kelayotgan fidoyi kolleksionerlar bormikan?
Barno Sultonova tayyorladi