Sport
Futbol klublarini ishonchli boshqaruvga berish amaliyoti joriy etiladi
Prezidentning yangi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda sport sohasini moliyalashtirish tizimi takomillashtirilib, unga tadbirkorlik sub’yektlarini keng jalb qilish mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi.
Qayd etilishicha, “Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik sub’yektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror (PQ–107-son, 2026 yil 24 mart) bilan sohada zamonaviy moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish, muqobil manbalarni kengaytirish hamda ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligini oshirish asosiy vazifalardan etib belgilandi.
Hujjatga muvofiq, Sport vazirligi huzurida Sport sohasida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. Mazkur jamg‘arma orqali sohada yangi loyihalarni moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
2026 yil 1 apreldan boshlab qator yangi tartiblar kuchga kiradi. Jumladan, sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyati bilan bog‘liq yillik xarajatlarning kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablag‘i kiritgan tadbirkorlar ularning ijro organlariga kiritilishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, professional futbol klublari faoliyati bilan bog‘liq yillik xarajatlarning kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablag‘ini ta’minlagan tadbirkor yoki tadbirkorlar guruhiga mazkur klubni ishonchli boshqaruvga berish amaliyoti joriy etiladi. Bu esa klublarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash va boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 apreldan 2029 yil 1 aprelga qadar Superliga va Proligada ishtirok etuvchi futbol klublari futbolchilari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi. Ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi esa 1 foiz miqdorida belgilanadi.
Mazkur o‘zgarishlar sport sohasiga xususiy sektorni keng jalb qilish, investitsiyalarni oshirish hamda futbol klublarining raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.