Dunyodan
Frantsiyaning strategik xatolari 76 milliard yevroga tushdi
2004 yilda Fransiya hukumati mamlakat oltin zahiralarining katta qismini sotishga qaror qildi. O’sha yili 589 tonna oltin, ya’ni davlat zaxirasining qariyb 20 foizi bozorga chiqarildi.
Hukumat bu qarorini “Oltin unumsiz aktivdir” deb izohladi. Rasmiylarning aytishicha, mamlakat mablag’larni yanada foydaliroq moliyaviy mahsulotlarga yo’naltirishi kerak edi. Natijada Fransiya byudjetiga oltin sotishdan 4,67 milliard yevro tushdi.
Biroq, vaqt o’tishi bilan bu qarorning salbiy ta’siri paydo bo’la boshladi. Oradan qariyb 20 yil o‘tib, jahon bozorida oltin narxi keskin oshdi. Hozirda bir kilogramm oltinning narxi 137 ming yevrodan ortiq, 2004 yilda sotilgan 589 tonna oltinning umumiy qiymati esa taxminan 81 milliard yevroni tashkil etadi.
Shunday qilib, Frantsiya ushbu qaror tufayli 76 milliard yevroga yaqin daromadni yo’qotdi. Iqtisodchilar buni mamlakat tarixidagi eng yomon fiskal qarorlardan biri sifatida baholamoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, oltin qisqa muddatda daromad keltirmasa-da, lekin u uzoq muddatli moliyaviy barqarorlikni saqlash, inflyatsiya va iqtisodiy inqirozdan himoya qilish uchun muhim vosita hisoblanadi. Bu holat davlat aktivlarini boshqarishda strategik sabr-toqat va uzoqni ko‘ra bilish muhimligini yana bir bor namoyon etdi.