Sport
Forbes dunyoning eng serdaromad sportchilari reytingini e’lon qildi
Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu o‘z faoliyatida oltinchi marta, qatorasiga to‘rtinchi marta yilning eng ko‘p daromad oluvchi sportchilari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. 41 yoshli portugaliyalikning so‘nggi 12 oydagi daromadi 300 million dollarga baholangan. Kuchli uchlikdan meksikalik bokschi Kanelo Alvares hamda argentinalik futbolchi Lionel Messi ham joy olgan.
Amerikaning Forbes nashri yil davomida eng ko‘p daromad olgan sportchilar reytingini yangiladi.
Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu o‘z faoliyatida oltinchi marta, qatorasiga to‘rtinchi marta yilning eng ko‘p daromad oluvchi sportchilari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. 41 yoshli portugaliyalikning so‘nggi 12 oydagi daromadi 300 million dollarga baholanmoqda, shundan 235 million dollari klubdagi maoshi, qolgan 65 million dollar reklama kelishuvlari va maydondan tashqaridagi biznes evaziga qo‘lga kiritilgan.
Ikkinchi o‘rinni meksikalik bokschi Kanelo Alvares (170 million dollar), uchinchi o‘rinni «Inter Mayami» (AQSh) klubining argentinalik hujumchisi Lionel Messi (140 million dollar) egallab turibdi.
Eng ko‘p maosh oluvchi sportchilarning kuchli o‘nligi quyidagi ko‘rinishni olgan:
Krishtianu Ronaldu (futbol, Portugaliya) – 300 million dollar;
Kanelo Alvares (boks, Meksika) – 170 million dollar;
Lionel Messi (futbol, Argentina) – 140 million dollar;
Lebron Jyeyms (basketbol, AQSh) – 137,8 million dollar;
Syoxey Otani (beysbol, Yaponiya) – 127,6 million dollar;
Stefen Karri (basketbol, AQSh) – 124,7 million dollar;
Jon Ram (golf, Ispaniya) – 107 million dollar;
Karim Benzema (futbol, Fransiya) – 104 million dollar;
Kevin Dyurant (basketbol, AQSh) – 103,8 million dollar;
Lyuis Xemilton (formula-1, Buyuk Britaniya) – 100 million dollar.
Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, kuchli 50 talikdagi sportchilar bevosita sport faoliyatidan – maosh, bonus va mukofot pullaridan – qariyb 3 milliard dollar ishlab topgan. Yana 1,1 milliard dollar reklama shartnomalari, tijoriy loyihalar, ommaviy chiqishlar va sportdan tashqari boshqa daromad manbalari hissasiga to‘g‘ri keladi.