Sport

FIFA Rivaldo oldidagi qarzdorlik tufayli «Bunyodkor»ga transfer taqiqi qo‘ydi

Published

on


Endi «Bunyodkor» yangi futbolchilarni PFL ro‘yxatidan o‘tkazolmaydi.

Braziliyalik sobiq futbolchi Rivaldo bilan hisob-kitob qilinmaguncha «Bunyodkor» futbol klubi yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi. Bu haqda FIFA 23 iyun kuni qaror qabul qildi va 2 iyul kuni O‘zbekiston Professional futbol ligasini (PFL) ogohlantirdi.

Avvalroq «Bunyodkor» braziliyalik sobiq futbolchisi oldida yuzaga kelgan qarzdorlikni rasman tan olgan bo‘lib, keyinchalik uni besh yil davomida bosqichma-bosqich to‘lab borish yuzasidan Rivaldo bilan kelishuvga erishgandi.

2024- va 2025-yilgi mavsumlar davomida klub besh yillik kelishuv doirasidagi majburiyatlarini bajardi. Biroq 2026 yilga kelib, klub ta’sischisi va bosh homiysi hisoblangan «O‘zbekneftgaz» AJ «Bunyodkor» futbol klubini moliyalashtirishni to‘xtatgach, klub joriy yilning may oyiga qadar amalga oshirilishi kerak bo‘lgan qarzning navbatdagi to‘lovini bajara olmadi.

Shundan so‘ng, Rivaldo FIFAga qayta shikoyat kiritdi. Qo‘shimchasiga, «Bunyodkor» bilan tuzilgan besh yillik kelishuv shartlari va unda nazarda tutilgan chegirmalar ham bekor qilindi.

Qayd qilinishicha, O‘zbekistonda yozgi transfer oynasi 10 avgustga qadar davom etadi, ammo «Bunyodkor» yangi futbolchilarni Liga ro‘yxatidan o‘tkaza olmaydi. Klub mavjud futbolchilar bilan mavsumni yakunlashi, shuningdek, taqiq kuchga kirguniga qadar «Bunyodkor» akademiyasi tarbiyalanuvchisi sifatida FIFA ro‘yxatida mavjud bo‘lgan yosh futbolchilarnigina keyinchalik o‘z qaydnomasiga qo‘shishi mumkin bo‘ladi.

Joriy yilning 23 iyun sanasidan keyin «Bunyodkor» futbol akademiyasiga qabul qilingan yosh futbolchilar ham mazkur taqiq doirasida klub uchun ro‘yxatdan o‘ta olmaydi.

Rivaldo oldidagi qarzdorlik qancha?

Avvalroq, «Bunyodkor»ga Rivaldo uchun jami 11 mln 164 ming 398 yevro miqdorida pul to‘lash majburiyati yuklatilgan edi. Ammo klub va futbolchi o‘zaro kelishuvga erishib, umumiy qarzdorlik summasi 7 mln 500 ming yevroga kamaytirildi.

«Bunyodkor» klubi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil uchun to‘lovlarni belgilangan muddatda to‘lashning imkoni bo‘lmagan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, «Bunyodkor»ning yillik budjeti davlat tomonidan ajratiladigan 35 mlrd so‘mdan iborat. Rivaldoning 2028 yilgacha bo‘lib to‘lanadigan qarzining 2026 yil uchun to‘lovlari esa umumiy budjetning yarmini tashkil etadi. Shuningdek, davlat ham 35 mlrd so‘mdan braziliyalik futbolchining qarzini yopishga ruxsat bermagan.

O‘z navbatida, «O‘zbekneftgaz» ham hukumat topshirig‘iga asosan 1 yanvardan futbol klublarini moliyalashtirishni butunlay to‘xtatganini qayd etgan holda, kompaniya «Bunyodkor»ning Rivaldo oldidagi qarzini to‘lamasligini ma’lum qildi. Bu qarzdorlik klub majburiyati ekani bilan izohlanyapti. 

Rivaldo 2008-2010 yillarda «Bunyodkor» sharafini himoya qilib, 61 o‘yinda maydonga tushgan va 31 ta gol urgan. U 2015 yilda faoliyatini yakunlagan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version