Sport

FIFA prezidenti o‘ziga qarshi tanqidlarga javob qaytardi

Published

on


Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino so‘nggi jahon chempionati doirasida o‘ziga qarshi bildirilgan tanqidlarga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqda post chop etgan Infantino AQSh, Meksika va Kanada mezbonligida o‘tgan jahon chempionatini (JCh) “dunyodagi eng yaxshi shou” deb atagan va hakamlik, intizomiy choralar hamda boshqa mojarolarga oid e’tirozlarni rad etgan.

Jahondagi millionlab muxlislar qiziqishini uyg‘otgan JCh mojarolar, bahsli qarorlar bilan ham e’tiborga tushdi.

“Aslida hakamlarning bahsli qarorlari yoki “g‘alati” intizomiy hukmlar, masalan, ehtimoliy yanglish qizil yoki sariq kartochkalar va ayrim vaziyatlarda futbolchilarni chetlatmaslik haqidagi keyingi qarorlar oddiy amaliyot hisoblanadi va dunyoning eng yirik ligalarining ayrimlarida keng qabul qilinadi”, –  deya FIFAning bahsli qarorlarini oqlashga uringan Janni Infantino.

FIFA rahbari, shuningdek, Vashington va Tehron harbiy ziddiyatiga qaramay, Eron terma jamoasi JChda qatnashganini yutuq o‘laroq sanagan. Ammo u Eron terma jamoasi AQShga viza olish va kelib-ketishda duch kelgan qiyinchiliklar masalasiga to‘xtalmagan.  

Tahlilchilarga ko‘ra, JCh-2026 siyosatchilar ko‘p marta aralashgan va aralashishga uringan musobaqa sifatida tarixga kirdi.  

Chempionat arafasidayoq AQSh prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli JChda Eron o‘rniga Italiya terma jamoasini tiqishtirishga urindi.

AQSh termasi jamoasi vakili Folarin Balogan bilan bog‘liq mojaro esa siyosat va sport sarhadlari qorishib ketganini ko‘rsatdi.

Balogan Bosniya va Gersegovinaga qarshi uchrashuvda qizil kartochka olgani uchun Belgiya bilan o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi. Biroq FIFA Intizom qo‘mitasi FIFA Intizom kodeksining 27-moddasiga tayanib, diskvalifikatsiya ijrosini bir yillik sinov muddatiga almashtirdi. Ma’lum bo‘lishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Balogan masalasini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan FIFA rahbariyatiga murojaat qilgani ortidan shunday qaror qabul qilingan.

Buning ortidan Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UYeFA) Baloganga nisbatan qabul qilingan qaror yuzasidan FIFAni keskin tanqid qildi. UYeFA tarqatgan bayonotda mazkur qaror “misli ko‘rilmagan, tushuntirib bo‘lmaydigan va asossiz” deb baholandi.

Norvegiya futbol assotsiatsiyasi rahbariyati esa ushbu holat bo‘yicha  Tramp ustidan shikoyat qilish niyatini bildirdi.

Bu yilgi JChning kumush medali sovrindori Argentina termasi jamoasini FIFA musobaqalaridan chetlatishga doir petitsiya rekord darajada – 23,3 millionta ovoz yig‘di.

Ko‘p million sonli muxlislar FIFA rahbariyati va hakamlar jamoasini mashhur futbolchi Lionel Messiga yon bosishda aybladi. Xususan, Lotin Amerikasi davlatining Shveysariya hamda Misrga qarshi o‘yinlardagi g‘alabalari shubha uyg‘otgan.

Darvoqe, final o‘yinidan keyin ham Messi jamoadoshlari mojaroli holatni yuzaga keltirdi. Xususan, futbolchilar Nauel Molina, Leandro Paredes va Tyago Almada hamda Argentina termasi bosh murabbiyi yordamchisi Roberto Ayala Ispaniya futbolchilariga nisbatan kuch ishlatgan.

Kuchli norozilik va tarmoqlardagi bosim ortidan FIFA Argentina futbolchilarining xatti-harakati tekshirilishini ma’lum qildi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version