Sport
FIFA Nigeriya e’tirozini rad etdi – Kongo DR O‘zbekiston bilan bir guruhdan joy olish uchun kurashadi
Afrika futbolida katta mojaro: JCh-2026 yo‘llanmalaridan biri uchun kurash maydondan tashqarida kechmoqda. FIFA Nigeriyaning Kongo Demokratik Respublikasi milliy jamoasi tarkibidagi ehtimoliy qoidabuzarliklar bo‘yicha shikoyatini rad qildi. Endi nigeriyaliklar xalqaro Sport arbitraj sudida (CAS) «adolat izlashga» urinib ko‘radi. Holat O‘zbekiston milliy jamoasining JCh-2026 guruh bosqichidagi ehtimoliy raqibini o‘zgartirishi mumkin.
FIFA tartib-intizom qo‘mitasi Nigeriya futbol federatsiyasining Kongo Demokratik Respublikasi milliy jamoasi ustidan bergan shikoyatini rad qildi. Bu haqda ESPN Nigeriya futbol federatsiyasiga (NFF) tayanib xabar berdi. NFF zudlik bilan apellyatsiya jarayonini boshlaganini ma’lum qildi.
Avvalroq, NFF kongoliklar tarkibidagi bir necha futbolchi fuqarolik haqidagi FIFA talablarini buzgani bo‘yicha e’tiroz bildirib, ushbu milliy jamoaga texnik mag‘lubiyat yozgan holda JCh-2026 saralash o‘yinlaridan chetlatishni talab qilgan edi.
«Biz FIFA Tartib-intizom qo‘mitasining arizamiz bo‘yicha qarorini oldik, biroq arizamiz rad etilgan qaror bizni qoniqtirmaydi», dedi NFF bosh kotibi Muhammad Sanusi. «Nigeriyaliklarni ishontirib aytamanki, NFF zudlik bilan qaror ustidan shikoyat qilish jarayonini boshladi».
Endi shikoyat Sport arbitraj sudiga (CAS) yuborilishi kutilmoqda, ammo apellyatsiya jarayoni 26 mart kuni – qit’alararo pley-off boshlangunga qadar yakunlanishi dargumon.
Kongo DR futbol federatsiyasi bu xabarga munosabat bildirmadi.
Mojaro mazmuni
2025 yil noyabr oyida Kongo DR milliy jamoasi Afrika pley-offida Nigeriyani mag‘lub etdi (asosiy vaqtda 1:1 va penaltilar seriyasida 4:3). Bu kongoliklarga JCh-2026 yo‘llanmasi uchun qit’alararo pley-off o‘yinlariga yo‘llanmani taqdim etdi. Nigeriya esa JCh-2026 yo‘llanmasidan mahrum bo‘ldi.
Dekabrda AQSh poytaxti Vashingtonda JCh-2026 guruh bosqichiga qur’a tashlandi. O‘zbekiston milliy jamoasi K guruhida Portugaliya, Kolumbiya va saralashdan o‘tadigan yana bir jamoaga (Kongo DR/Yamayka/Yangi Kaledoniya) qarshi o‘ynashi ma’lum bo‘ldi.
Nigeriya futbol federatsiyasi (NFF) Kongo DR fuqarolik va milliy mansublikni o‘zgartirish talablariga javob bermaydigan o‘yinchilardan foydalangani haqida FIFAga rasmiy shikoyat bilan chiqdi.
Shikoyat nimaga asoslangan
Nigeriya futbol federatsiyasi (NFF) Kongo DR tarkibidagi 9 nafargacha futbolchi fuqarolikni o‘zgartirish tartibini buzgan deb hisoblamoqda – ularda Yevropa pasporti bor, ammo Kongo DR qonunlariga ko‘ra ikki fuqarolikka ruxsat berilmaydi.
Nigeriyaliklarning ta’kidlashicha, bu futbolchilar Yevropa pasportidan voz kechmagan va Kongo DR futbol federatsiyasi FIFAni milliy fuqarolik hujjatlari bilan «chalg‘itgan».
FIFA futbol qoidalariga ko‘ra, futbolchidan faqat mamlakatning amaldagi pasporti talab qilinadi. Ammo Kongo DR fuqarolik qonunchiligi bo‘yicha ikki fuqarolik taqiqlangan. Ushbu holat shikoyatga sabab bo‘lgan.
Kongo DR futbol federatsiyasi barcha o‘yinchilar FIFA tomonidan ma’qullanganini va maydonga tushish huquqiga ega ekanini ta’kidlamoqda va Nigeriyani maydondagi mag‘lubiyatdan so‘ng «orqa eshikdan bostirib kirishga» urinishda ayblamoqda.
Dastlab FIFA 2025 yil dekabr oyida futbol qoidalari uchun futbolchi vakil bo‘lgan mamlakatning amaldagi pasporti bo‘lishi yetarli ekanini aytib, shikoyatni rad qilgan edi. Ammo fevral oyi o‘rtalarida bir qator ommaviy axborot vositalarida (jumladan, The African Mirror va Eye Witness News) FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi o‘yin paytida futbol fuqaroligini o‘zgartirish jarayoni tugallanmagan «X futbolchi» uchun ishni qayta ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
FIFA qaroridan keyin, endi NFF xalqaro Sport arbitraj sudida (CAS) «adolat izlashga» urinib ko‘radi.