Jamiyat
Farg‘onadagi bog‘chada bolani tok urgani holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Farg‘ona shahridagi 66-son davlat bog‘chasida 6 yoshli tarbiyalanuvchi yuqori kuchlanishli transformator punktiga yiqilib, tok urishi oqibatida tana a’zolari kuyib ketdi. Bosh prokuraturaga ko‘ra, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 116-moddasi, ya’ni kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik bilan qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Holat 18 fevral kuni soat 10:00 lar atrofida shahardagi 66-son davlat bog‘chasida sodir bo‘lgan. 6 yoshli tarbiyalanuvchi Abuzar Ravshanjonov bog‘cha hududida, yer ostiga o‘rnatilgan yuqori kuchlanishli tranformator punktiga tushib ketishi oqibatida jiddiy jarohat olib, tana a’zolari kuyib ketgan. U ayni paytda shifoxonada qolmoqda.
Bog‘cha qurib foydalanishga topshirilganiga 2 yil bo‘lishiga qaramay, inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan yerto‘la atrofi maxsus to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Yerto‘la eshigi esa oddiy sellofan paket bilan yopib qo‘yilgan.
Kun.uz avvalroq ushbu holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazib, bog‘cha hududiga yuqori kuchlanishli transformator punktini qurgan korxona rahbari muloqot qilgandi. Quruvchi TP atrofini o‘rash loyihaga kiritilmaganini ma’lum qilgan.