Jamiyat
Farg‘onada YPX xodimi yosh bolaning hayotini saqlab qoldi
Buvayda tumanida yo‘l chetiga to‘xtagan Nexia haydovchisi mashinadan tushib do‘konga kirib ketishda uni qulflagan. Mashina oynalari ko‘tarilayotgan vaqtda esa ichkaridagi voyaga yetmagan bola boshini oynadan chiqarib, qisilib qolgan. Shu vaqtda kelib qolgan YPX inspektori safdor Azim Xalifayev oynani sindirib, bolaning hayotini saqlab qoldi.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil oynasiga bosh qismi qisilib qolgan bolani YPX xodimi qutqarib qolgani videosi tarqaldi.
Unda yo‘l chetiga to‘xtagan Nexia 1 haydovchisi mashinadan tushib do‘konga kirib ketgani va avtomobilni pult yordamida qulflagani ko‘rinadi. Old yon oynalar ko‘tarilayotgan vaqtda esa mashinada qolgan, voyaga yotmagan bola bosh qismini oynadan chiqarib olgan. Natijada bolaning bo‘yni oyna bilan qisilib qolgan, haydovchi esa bu vaqtda do‘konga kirib ketib bo‘lgan.
Shu vaqtda kelib qolgan YPX xodimi oynani sindirib, bolaning hayotini saqlab qoldi.
Kun.uz YHXX axborot xizmati bilan bog‘lanib, holatga oydinlik kiritdi. Ma’lum bo‘lishicha, voqea kecha, 24 iyun kuni Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidan o‘tuvchi Toshkent-Andijon yo‘lida sodir bo‘lgan.
Bolaning hayotini saqlab qolgan xodim YPX inspektori safdor Azim Xalifayev bo‘lib, u Buvayda tumanida faoliyat olib boradi.
«O‘sha paytda suv olish uchun do‘kon oldida to‘xtadim. Oldimdagi mashina oynasidan bola boshi chiqib turgandi. U nafas olishda qiynalib, rangi oqarib ketgandi. Men darhol eshikni ochishga harakat qildim, lekin eshik ochilmadi. Keyin oynani sindirib, bolani chiqarib oldim», deya xodimning taassurotlarini aytib berdi YHXX axborot xizmati.
Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi yosh bolaning tog‘asi bo‘lgan va do‘kon oldida to‘xtab, e’tiborsizlik bilan eshikni yopib ketgan. Haydovchiga chora ko‘rilmagan.