Jamiyat
Farg‘onada qariyb 6 kg «gashish» musodara qilindi
Farg‘ona viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qariyb 6 kilogramm «gashish» giyohvandlik vositasi musodara qilindi. Tergov doirasida ushbu holatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbiri doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, DXX xodimlari viloyat Ichki ishlar va Bojxona boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir davomida Farg‘ona shahri Beshbola mahallasida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan ayol kelgusida sotish maqsadida 5 kilogramm 936 gramm «gashish» moddasini shag‘al uyumi ichiga yashirib qo‘ygani aniqlangan. Giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Qayd etilishicha, mazkur ayol muqaddam ham giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan bo‘lib, shunga qaramay yana qonunbuzarlikka qo‘l urgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi va 273-moddasi 5-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda hamda ushbu jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan sheriklarni aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.