Jamiyat
Farg‘onada piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan bola mashina urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
Quva tumanida erta tongdan darsga ketayotgan 9 yoshli bola maktabga yetib borolmadi: piyodalar yo‘lagidan yo‘lni kesib o‘tayotganda uni Damas urib yubordi. O‘quvchi og‘ir tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan. Haydovchiga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Farg‘ona viloyatining Quva tumanida 3-sinf o‘quvchisi YTH oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda “Bu kun” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, YTH Quva tumani hududidan o‘tgan D-105 avtomobil yo‘lining 182-kilometrida soat 7:30 atrofida sodir bo‘lgan. Maktabga ketayotgan 9 yoshli bola piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan vaqtida uni 21 yoshli haydovchi Damas mashinasida urib yuborgan.
Bola birinchi yordam ko‘rsatish uchun tuman markaziy shifoxonasiga yuborilgan. Biroq ko‘rilgan muolajalarga qaramasdan u shifoxonada vafot etgan.
“Yo‘l chekkasidan ketayotgandim. Keyin buyoqqa o‘tdim. O‘tib ketayotganimda bir mashina bu tomondan burilayotgan edi. Ana shu mashinaga qarab peshexodga qaramay qoldim. Keyin bitta bola yugurib chiqib qoldi, urib yubordim. Tezligim 40-50 km/soat atrofida edi”, degan haydovchi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Haydovchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Oldinroq Qashqadaryoda o‘quvchi bolani Damas bosib ketishiga sal qolgandi.