Jamiyat
Farg‘onada ota aliment bo‘yicha chiqqan janjal oqibatida xotini va 2 yoshli qizini pichoqlab o‘ldirdi
Holat kecha, 3 noyabr kuni O‘zbekiston tumanida sodir bo‘lgan. Ona va qiz og‘ir tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan. Voqea joyidan qochib yashiringan 34 yoshli erkak ko‘p o‘tmay qo‘lga olingan.
Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida er o‘z turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan qizining qotiliga aylandi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi. Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov holatni Kun.uz’ga tasdiqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston tumanining Nursuh mahallasida yashovchi 34 yoshli A.X. 3 noyabr kuni 1998 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i S.S. bilan aliment to‘lovi borasida janjallashib qolgan. Janjal oqibatida erkak oshxona pichog‘i bilan xotini hamda 2023 yilda tug‘ilgan qizi M.M.ga jarohat yetkazgan.
Ayol va qizi olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida shifoxonaga olib borilgan. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan ular vafot etgan. A.X. esa voqea joyidan qochib, yashiringan.
Bosh prokuror matbuot kotibiga ko‘ra, holat yuzasidan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u protsessual tartibda ushlangan.
Oldinroq Qamashi tumanida ikki ayol pichoqlab o‘ldirilgan va qotillikda gumonlanib sobiq harbiy qo‘lga olingandi.