Jamiyat

Farg‘onada noqonuniy ravishda olib chiqilmoqchi bo‘lgan oltin musodara qilindi

Published

on


Farg‘ona viloyatida 2 milliard so‘mdan ortiq qiymatga ega bo‘lgan oltin quymalarini mamlakat hududidan noqonuniy ravishda olib chiqishga urinish fosh etildi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda bojxona idoralari xodimlari hamkorligida tovar-moddiy boyliklarning mamlakat hududidan noqonuniy olib chiqilishiga qarshi qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida Farg‘ona tumanida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtotransport vositasi Qirg‘izistonga chiqish maqsadida “Vodil-avto” chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtida tekshiruvdan o‘tkazildi.

Tekshiruv jarayonida avtomashina kuzov qismining ichiga yashirilgan 4 dona nostandart shakldagi oltin quymalar aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu oltin quymalarning sof og‘irligi 1 kilogramm 232 grammni tashkil etib, ularning umumiy qiymati 2 milliard 182 million 466 ming so‘mga teng ekani ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar fuqarolardan bu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishni so‘raydi. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version