Jamiyat
Farg‘onada nohaq ayblanib qamalgan bojxona inspektori 15 yildan so‘ng oqlandi
U bojxona postidagi hamkasblari bilan birga pora olganlikda ayblangan, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etilgan.
Farg‘onada pora olganlikda ayblangan bojxona inspektori 15 yildan so‘ng oqlandi. Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining “Farg‘ona” bojxona postida ishlagan inspektor pora olish jinoyati bo‘yicha ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
U bojxona postidagi hamkasblari bilan birga 2009 yil aprel oyidan 2010 yilning yanvar oyiga qadar avtomashinalarda kartoshka hamda olma mahsulotlarini Qirg‘izistondan O‘zbekistonga noqonuniy ravishda, bojxona nazoratidan o‘tkazmasdan, hech qanday to‘siqlarsiz olib kirish evaziga pora olganlikda ayblangan.
Oqibatda inspektor jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudining 2010 yil 5 noyabrdagi hukmiga muvofiq, 3 yil muddatga bojxona organlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etilgan.
Sobiq inspektor Farg‘ona viloyati sudiga kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, o‘zining aybsizligini isbotlovchi bir qator dalillarni taqdim etdi. Ma’lum bo‘lishicha, xodim “Farg‘ona” bojxona postida 2009 yil 1 iyundan boshlab xizmat qilgan. Ya’ni 2009 yil aprel-may oylarida u ushbu postda ishlamagan.
Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudining 2010 yil 5 noyabrdagi hukmini bekor qilib, uni aybsiz deb topdi va oqladi.