Jamiyat
Farg‘onada erkak bozor nazoratchisining qulog‘ini tishlab, uzib olgani uchun qamaldi
38 yoshli erkak bu harakati bilan jabrlanuvchiga yuzi tuzalmaydigan darajada xunuklashishiga sabab bo‘lgan tan jarohati yetkazgan. Sud uni qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatida aybli deb topib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Sudlanuvchi sud zalida qamoqqa olindi.
Farg‘onada bozor nazoratchisining qulog‘ini tishlab, uzib olgan shaxs jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 2025 yil 14 oktyabr kuni Qo‘qon shahrining Urganjibog‘ mahallasidagi bozorda ikki sotuvchi ayol joy talashib, janjallashgan. Bozor nazoratchisi bo‘lib ishlovchi Q.O. voqea joyiga kelib, ularni ajratib qo‘yishga uringan. Shunda shu yerda somsa sotuvchi boshqa bir ayolning 38 yoshli o‘g‘li H.I. nazoratchi bilan janjallashib ketgan.
Erkak bozor nazoratchisini avvaliga qo‘llari bilan urgan. So‘ngra uning qulog‘ini tishlab, bir qismini uzib olgan.
Sudga oid tibbiy ekspertiza bozor nazoratchisining “o‘ng quloq suprasida yuzaga kelgan chandiq vaqt o‘tishi bilan bilinmaydigan darajada to‘liq silliqlanib ketmasligi va unga nisbatan plastik operatsiya, chandiq yetilganidan so‘ng o‘tkazish talab qilinishi” haqida xulosa bergan.
H.I. sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan va bozor nazoratchisi onasi somsa sotadigan aravachani tortqilagani uchun janjallashganini bildirgan.
“Onam somsa sotadigan aravachani tortqilab, bu yerdan yig‘ishtirishni aytdi. Men aravachaga tegmasligini so‘raganimda qo‘pol muomala qildi. Shunda uning yuziga ikki marotaba urib yubordim. U meni oyog‘imdan chalib yiqitdi va ustimga o‘zi yiqildi. Nazoratchining o‘ng qulog‘ini tishlab, uzib oldim: qulog‘ining bir bo‘lagi og‘zimda qolib ketdi”, degan o‘z ko‘rsatmasida sudlanuvchi.
Shu tariqa, ularni atrofdagilar ajratib qo‘yishgan.
Jabrlanuvchi sudda hozirgi kunga qadar qulog‘ini davolatish uchun qariyb 14 mln so‘m sarflaganini, endilikda plastik operatsiya qildirish uchun yana 70 mln so‘m kerakligini aytib, sudlanuvchidan yetkazilgan moddiy zararlarni undirib berishni so‘ragan.
JIB Furqat tuman sudining 2026 yil 13 martdagi hukmi bilan H.I. Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “b,ye” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llangan holda 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Sudlanuvchiga qo‘llangan garov ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u darhol sud zalida qamoqqa olingan.
Shuningdek, sudlanuvchidan jabrlanuvchi foydasiga 13 mln 752 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.