Jamiyat
Farg‘onada Captiva dara yo‘lida ag‘darilib ketdi. Haydovchi halok bo‘ldi
45 yoshli haydovchi o‘zboshimchalik bilan mashinasini transport vositalari harakatlanishiga mo‘ljallanmagan kichik dara yo‘lida boshqargan. Yo‘l qor va sirpanchiq bo‘lgani sababli mashina ag‘darilib ketgan. Haydovchi shifoxonada vafot etdi.
Foto: Farg‘ona viloyati YHXB
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona tumanida Captiva tog‘dan tushib ketgani haqidagi xabar tarqaldi. Farg‘ona viloyati YHXB axborot xizmati YTH haqida axborot berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, YTH 19 yanvar kuni soat 21:00 larda Farg‘ona tumani Yordon mahallasi hududida sodir bo‘lgan. 1981 yilda tug‘ilgan haydovchi A.A. tog‘ orasidagi transport vositalari harakatlanishiga mo‘ljallanmagan kichik dara yo‘lda mashinasini o‘zboshimchalik bilan boshqargan. Yo‘l qor va sirpanchiq bo‘lgani sababli haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan hamda mashina ag‘darilib ketgan.
YTH oqibatida haydovchi og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaga yuborilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay u shifoxonada vafot etgan.
Avvalroq Bo‘stonliqda Li9 yo‘lning xandaq qismiga tushib ketgani xabar qilingandi.