Jamiyat

Farg‘onada 34 kishidan iborat “koll-markaz” niqobidagi uyushgan jinoiy guruh fosh etildi

Published

on


Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida xalqaro miqyosda yirik miqdorda pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida xalqaro miqyosda juda katta miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan uyushgan jinoiy guruh fosh qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro rahbarlik qilgan, jami 34 kishidan iborat jinoiy guruh Farg‘ona va Toshkent shaharlarida binolarni ijaraga olib, “koll-markaz”lar niqobi ostida faoliyat yuritgan.

Guruh a’zolari axborot texnologiyalari yordamida Rossiya Federatsiyasida dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning 70 mingdan ortiq mijozlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.

Shundan so‘ng, bo‘lg‘usi “o‘lja”lar bilan qay tarzda muomala qilish bo‘yicha o‘rgatilgan operatorlar SIP telefoniya va Zoiper ilovalari orqali asosan keksa yoshdagilarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar va bank xodimlari sifatida tanishtirgan. Ular go‘yoki kompaniya tomonidan sifatsiz dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar sotilganini ta’kidlab, mijozlarga 500 mingdan 580 ming rublgacha miqdorda kompensatsiya to‘lab berilishini aytgan.

Buning uchun esa fuqarolar 5 mingdan 20 ming rublgacha miqdorda soliq to‘lashi kerakligiga ishontirilgan.

Natijada jabrlanuvchilar jinoiy guruh a’zolari tomonidan taqdim etilgan turli bank plastik kartalariga jami 9 mln 599 ming 561 rubl miqdorida pul mablag‘larini o‘tkazib bergan.

Shuningdek, jinoiy guruhning 3 nafar a’zosi kriptovalutalar savdosini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olmasdan, “O‘zbekistonda kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori talablariga zid ravishda jami 470 ming AQSh dollariga yaqin kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgani qayd etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudi hukmiga ko‘ra, uyushgan jinoiy guruh a’zolari tegishliligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-, 243-, 278-7- va 278-8-moddalari bilan aybli deb topildi. Ularning 21 nafari 3 yil 6 oydan 9 yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi. Qolgan 13 nafar shaxsga nisbatan esa 4 yil 3 oydan 4 yil 6 oygacha muddatga ozodlikni cheklash jazosi belgilanib, jarimalar qo‘llandi.

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi ma’lum qilindi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version