Jamiyat
Farg‘onada 100 mln so‘m talab qilgan elektr korxonasi muhandisi ushlandi
Muhandislarning noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Farg‘ona tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroning qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga elektr tarmog‘i tortish, elektr hisoblagich o‘rnatib, ulab berish, shuningdek, mansabdor tanishlari orqali ruxsat beruvchi hujjatlarni tayyorlatib berish evaziga 100 mln so‘m talab qiladi.
DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va IJQKD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam sudlangan muhandis so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Sharof Rashidov tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi ham o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, mahalliy fermer xo‘jalikning elektr energiyasidan mavjud 122 mln so‘m qarzdorligini mansabdor tanishlari orqali yo‘q qilib berish evaziga 50 mln so‘m talab qilib, muqaddam 10 mln so‘m olgan.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u qolgan 40 mln so‘mni olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha muhandislarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.