Iqtisodiyot
Farg‘ona va Quvasoyda 175 mln dollarlik agrologistika markazlari quriladi
4 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan yangi rejalar muhokama qilindi. Xususan, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida xitoylik investorlar ishtirokida agrologistika markazlari tashkil etilishi belgilandi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Yig‘ilishda qayd etilganidek, Farg‘ona viloyatida meva-sabzavot mahsulotlarini xom holda emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot sifatida sotish hisobiga eksportni oshirish vazifasi qo‘yilgan. Shu maqsadda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, saralash, qadoqlash, logistika va yetkazib berish zanjirini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Ma’lum qilingan rejaga ko‘ra, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida xitoylik investorlar ishtirokida umumiy qiymati 175 million dollar bo‘lgan agrologistika markazlari barpo etiladi. Ushbu loyihalar meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, tayyor mahsulot tayyorlash va tashqi bozorlarga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasida ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va qo‘shimcha qiymat yaratishga qaratilgan boshqa loyihalar ham muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida davlat rahbari har bir loyihani aholi daromadlarini oshirish va hudud iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish bilan uzviy bog‘lab amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.