Mahalliy

Eski buyumlar asirligidan qanday qutulish mumkin?

Published

on


Uyda eski narsalarni yig‘ish odati faqat bir millatga xos emas, butun dunyoda global muammoga aylangan hodisa. Hozirgi kunda ushbu mavzuga bag‘ishlangan ko‘plab ilmiy-ommabop maqolalar va bloglarni uchratish mumkin. Ushbu maqolada nima uchun eski buyumlardan voz kecha olmasligimizning psixologik sabablari batafsil ochib berilgan.

Barchamizning xonadonimizda shunday bir kichik joy bor, masalan, shkaf burchagi, stol tortmasi, balkon yoki kichik omborxona. Biz u yerni kamdan-kam hollarda ochamiz va asosan «kun kelib kerak bo‘lib qolishi mumkin» bo‘lgan narsalarni yashirish uchun foydalanamiz. Aslida esa, bular voz kechib, tashlab yuborishga ko‘zimiz qiymayotgan keraksiz buyumlardir.

Bu narsalar bugungi hayotimizda o‘z qiymati va maqsadini allaqachon yo‘qotgan, ammo biz ulardan voz kecholmaymiz. Yarmi singan garniturlar yoki idish-tovoqlar foydali bo‘lishi mumkin! Simlari uzilgan quloqchinlar yoki darz ketgan likopcha balki asqotib qolar? Eski, buzilgan miksermi, uni tuzatish mumkin! O‘n yillik jurnallar… ularda foydali ma’lumotlar bo‘lsa-chi?! Issiq yoz kunida sotib olingan yoqimli kichkina stakanchalar yoki bolaligimizda tomosha qilgan CD-disklar qutisi, axir bular xotira!

Miyamizning ratsional qismi bu buyumlarning ortiqcha ekanini allaqachon tushunib yetgan va ularni shunchaki bir joyga qamab qo‘ygan, lekin baribir tashlab yuborishga qo‘limiz bormaydi.

Nima uchun biz uyimizni to‘ldirib, tartibsizlik sodir etamiz?

Tartibsizlik psixologiyasi shunchaki dangasalik yoki uquvsizlik masalasi emas. Bu xotira mexanizmlarimiz, xavfsizlikka bo‘lgan ehtiyojimiz va hatto kelajak oldidagi qo‘rquvlarimiz bilan bog‘liq murakkab, ko‘p qatlamli hodisadir. Narsalarni tashlab yuborish bizga og‘irlik qiladi, chunki o‘sha lahzada go‘yo o‘zimizning bir qismimizdan voz kechayotgandek bo‘lamiz.

«Qanday qilib bu stakanlarni axlatga otaman? Axir o‘sha kuni havo juda go‘zal edi, kayfiyatim a’lo edi, hayot go‘yoki baxtliroq tuyulgandi… O‘shanda his qilgan quvonchimning yagona isbotini o‘z qo‘llarim bilan qanday yo‘q qilaman? To‘g‘ri, ularda suv ichmayman, ular qog‘ozdan yasalgan, urinib ketgan, lekin baribir tashlay olmayman!»

Agar xonadoningizdagi ba’zi «xazinalar»ni titkilab ko‘rsangiz, albatta, mana shunday «yoqimli, ammo mutlaqo foydasiz» buyumlarga duch kelasiz.

Eski narsalarga bog‘lanib qolishimizning eng aniq sababi xotiradir. Yosh o‘tgani sari xotiramiz pand bera boshlaydi. Ammo kun kelib, masalan, bolalikdagi aytaylik oddiy to‘g‘nog‘ichni topib olsak, xotiramizda kutilmagan tafsilotlar jonlanadi: uni kim sovg‘a qilgan, o‘sha kuni nima bo‘lgan, orqa fonda qaysi qo‘shiq yangragan… Biz buyumning o‘zini emas, balki uning vaqt mashinasi kabi o‘tmishga qaytarish qobiliyatini qadrlaymiz. Uni jismonan uloqtirish orqali o‘sha baxtli kunni ham abadiy yo‘qotadigandek tuyulaveradi.

Biroq, bu yerda bir paradoks bor: biz xotiralarni asrayapmiz deb o‘ylab, aslida shunchaki chang bosgan buyumlarni to‘playmiz. Haqiqiy xotira esa javonlarda emas, qalbimizda yashaydi.

Shunday qilib, agar o‘tmish bizni eski narsalar orqali ortga qaytarsa, kelajak bizni «har ehtimolga qarshi» ularni ushlab turishga majbur qiladi. Bu omon qolish instinktining aks-sadosi. Bizning miyamiz, hatto o‘zimiz mo‘l-ko‘lchilikda yashagan bo‘lsak ham, hali hanuz tanqislik davrlarini eslaydi.

«Agar asosiy quloqchinlarim buzilib qolsa, singan quloqchinlar mening jonimga oro kirsa-chi?», «Agar yangi mikser buzilib qolsa-chi? Yaxshiyamki, mening zaxiradagi eski mikserim bor, uni bir kun kelib tuzataman…» Bu mantiq atrofimizda o‘ziga xos himoya qobig‘ini hosil qiladi.

Ongsiz ravishda, biz tartibsiz uyni bo‘m-bo‘sh va steril uydan ko‘ra xavfsizroq deb hisoblaymiz. Bugun keraksiz tuyulgan narsani tasodifan tashlab yuborib, ertaga unga ehtiyoj sezish fikrining o‘ziyoq ichki xavotirga sabab bo‘ladi. Keyinchalik o‘ylamasdan qilingan isrofgarchilik uchun o‘zimizni ayblashdan ko‘ra, o‘sha buyumni shundayligicha qoldirish osonroq tuyuladi. Ammo bu strategiya yashash joyimizni noaniqliklar omboriga aylantiradi. Oqibatda biz o‘zimizni bugun yoki olti oydan keyin ham amaliy foydasi tegmaydigan narsalar bilan o‘rab olamiz.

Psixologiyada bu «qaror qabul qilishni kechiktirish» deb ataladi. Biz balkonimiz va shkafimizni tartibsizlantirishni afzal ko‘ramiz, chunki bir joyga o‘tirib: «Buni haqiqatan ham tuzatamanmi?», «Hozirgi hayotimda bu esdalik to‘g‘nog‘ichning menga biror foydasi bormi?», «Bu kiyimni baribir kiyamanmi?» kabi savollarga halol javob berishdan qochamiz. Chunki rost javob ko‘pincha og‘riqli bo‘ladi. U mana bunday achchiq haqiqatni tan olishni talab qiladi: «Men buni hech qachon tuzatmayman, chunki shunchaki vaqtim yoki xohishim yo‘q, bu ko‘ylakni esa eskirib, urfdan qolgani uchun baribir kiymayman».

Nima uchun o‘zgarishlar bizni qo‘rqitadi?

Bizning buyumlarimiz mavqeimiz va tariximizning belgilaridir. Yillar davomida omborda chang bosib yotgan kitob javoni, undagi kitoblar aslida nima haqida ekanligini eslay olmasak ham, bizning bilimli va ziyoli ekanligimizdan dalolat berib turadi. Qarindoshlardan meros bo‘lib o‘tgan eski, keraksiz idishlar uyumi bizga ular bilan bo‘lgan rishtalarimizni eslatadi. Biror joyga borishdan oldin sotib olgan jihozlarimiz esa sayohatga bo‘lgan muhabbatimizni tasdiqlaydi.

Biror narsani tashlab yuborish o‘zimizga va butun dunyoga allaqachon o‘zgarganimizni tan olish demakdir. Bizda endi kitob o‘qishga vaqt yo‘q, faqat ishlaymiz. Biz endi piyoda sayohatlarga bormaymiz, kuchimiz va sog‘lig‘imiz avvalgidek emas. Buni tan olish og‘riqli va yoqimsizdir. Shu sababli ham eski narsalardan ajralish, avvalgi «men»imiz uchun kichik bir yo‘qotishdek tuyuladi. Biz bularning barchasidan xalos bo‘lish faqatgina bo‘shliq qoldirishidan va hozir aslida kim ekanligimizni tushuna olmay qolishdan qo‘rqamiz.

Bundan tashqari, buyumlar ruhiyatimizda himoya funksiyasini ham bajaradi. Agar kimdir xiyonatga uchragan yoki yaqinlarini yo‘qotgan bo‘lsa, ular ichki hissiy bo‘shliqni to‘ldirishga urinib, nazoratsiz tarzda narsalarni to‘plashni va uyga tashishni boshlaydilar. Chunki obyektlar bizni tashlab keta olmaydi yoki bizga xiyonat qilmaydi, o‘zimiz ularni yo‘q qilmagunimizcha biz bilan qoladi. Hamma narsa shiddat bilan o‘zgarib turadigan bu dunyoda ular biz uchun xavfsizlik va doimiylik illyuziyasini yaratadi.

Tozalik bo‘shliqdan boshlanadi

Ko‘pchilik hayotida loaqal bir marta tartibsiz makondagi noqulaylikni boshdan kechirgan, ayrimlar esa bunday muhitda shunchalik uzoq yashaganki, ortiq bu zanjirni payqamay qo‘ygan. Biroq keraksiz narsalar tog‘i tomonidan yaratilgan «vizual shovqin» ichki taranglikni keltirib chiqaradi. Bizning miyamiz ongsiz ravishda atrofni doimiy skanerlaydi va «Buni yig‘ishtirish vaqti keldimi?» yoki «Balki uni tashlab yuborishim kerakdir?» deb o‘ylayveradi. Bu jarayon bizni sezdirmasdan tinchlik va energiyadan mahrum qiladi.

Bu yerda qiziq bir paradoks bor: ortiqcha narsalardan xalos bo‘lish orqali yangi energiya to‘lqinini his etamiz, bo‘shagan makon esa ruhiy xotirjamlik beradi. Natijada o‘tmishimiz yoki kelajagimiz domidan chiqib aynan hozirgi zamon bilan yashay boshlaymiz.

Axlat qutisiga yo‘l

Xo‘sh, agar tartibsizlikning asosiy sabablari aniq bo‘lsa, o‘tmishni yo‘qotishdan qo‘rqish, kelajakdan xavotirlanish va hozirgi kun uchun mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishni istamaslik, unda qanday qilib ruhiyatimizni «aldab», eski va keraksiz narsalarni axlat qutisiga olib borishimiz mumkin?

Bu ruhiy to‘siqni qanday yengamiz?

Javob — onglilik orqali. Ishni katta narsalardan emas, kichik qadamdan, masalan, bittagina javondan boshlash mumkin. Javondagi biror buyumni qo‘lga olib, o‘zingizdan so‘rang: «Bu narsa menga hozir, oradan shuncha yil o‘tib, aynan bugungi kunda quvonch keltiryaptimi?», «Agar men uni bugun do‘konda ko‘rib qolsam, sotib olarmidim?»

Eng muhim qoidani yodda tuting: eski va qadrli buyumingiz bilan xayrlashishdan oldin uni shunchaki suratga oling. Agar juda kerak bo‘lsa, telefoningiz yoki kompyuteringizda bunday esdalik fotosuratlar uchun alohida papka ochib qo‘yishingiz ham mumkin.

Biz o‘tmish narsalarda emas, balki aynan o‘zimizda yashashini tushunishimiz kerak. Hozirgi zamonda yashash va kelajakni qurish uchun bizga shkaflarimizni to‘ldirib turgan o‘sha «eslatmalar»ning bari kerak emas. Bizga faqat hozirgi kunimiz uchun mosroq bo‘lgan yangiliklar, tiniq fikr va bo‘sh makon kerak, xolos.

O‘tmish bilan xayrlashish va eski narsalarni tashlab yuborish qiyin, chunki bu jarayon hayotning o‘tkinchiligini, hamma narsaning cheklanganini va eng muhimi, o‘zini sevishni tan olishni talab qiladi. Axir, biz o‘tmishning soyasida emas, aynan hozirgi zamonda baxtli yashashga loyiqmiz.

Agar biror narsani tashlashga ko‘zingiz qiymayotgan bo‘lsa, kichik bir aqliy o‘yin o‘ynab ko‘ring: o‘sha buyumni axlatga tashlab yuborganingizni yoki kimgadir sovg‘a qilganingizni va oradan bir oy o‘tib, u sizga to‘satdan kerak bo‘lib qolganini batafsil tasavvur qiling. Xo‘sh, o‘shanda nima bo‘ladi? Nima qilgan bo‘lardingiz? Bundan omon qola olasizmi? Ko‘pincha, hech qanday falokat yuz bermasligi, hayot to‘xtab qolmasligi ma’lum bo‘ladi. Agar u chindan ham juda zarur buyum bo‘lganida, undan qutulishdan oldin ham unga ehtiyoj sezgan bo‘lardingiz. Demak, biz boshdan kechirayotgan xavotirning real tanqislik tahdidi bilan hech qanday aloqasi yo‘q.

Uyni tartibga solish bo‘yicha dunyoga mashhur ekspert va kitoblar muallifi Mari Kondo keraksiz matohlarga qarshi kurashish uchun yana bir ajoyib usulni taklif qiladi. Bu usul biroz g‘alati tuyulishi mumkin, ammo qalbga xotirjamlik olib keladi: siz voz kechishga qaror qilgan, ammo o‘tmishda siz uchun qadrli bo‘lgan har bir buyumga minnatdorchilik bildiring. Masalan, bir necha yildan beri kiymay yurgan eski sharfingizga ongingizda shunday deng: «O‘tmishda meni isitganing va menga quvonch ulashganing uchun rahmat. Senga o‘z vazifangga sodiq qolganing uchun rahmat aytaman, lekin endi uyimda qolmasliging kerak».

Bu dastlab erish tuyulsa-da, aynan shu minnatdorchilikdan keyin ruhan yengillashasiz. Mana shunday xayrlashuv marosimini bajarish orqali siz xotirani qalbda saqlab qolasiz, shkafingiz, omboringiz esa nihoyat ortiqcha yuklardan xalos bo‘ladi.

Barno Sultonova tayyorladi



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version