Dunyodan
Erondagi namoyishlarda kamida 35 kishi halok bo‘ldi
Eronda mamlakat valyutasi rial kursi keskin tushib ketgani sababli keng ko‘lamli ko‘cha namoyishlari davom etmoqda. Dekabr oyi oxirida boshlangan norozilik namoyishlari 2022 yildan beri mamlakatdagi eng yirik norozilik namoyishlariga aylandi, deya xabar beradi DW.
Eronlik huquq faollari va ularning HRANA media loyihasiga ko‘ra, to‘qqiz kunlik namoyishlar davomida kamida 35 kishi halok bo‘lgan, 1200 dan ortiq kishi hibsga olingan.
Huquq faollarining aytishicha, halok bo’lganlar orasida 29 namoyishchi, to’rt bola va ikki xavfsizlik xodimi bor.
Eronning 31 viloyatidan 27 tasini qamrab olgan kamida 88 ta shaharda norozilik namoyishlari boʻlib oʻtgan, deydi huquq faollari. Qaysidir payt xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni, ayniqsa, kichik shaharchalarda bostirishga kirishdi.
HRANA bu choralar Mashhad va Tehron kabi yirik shaharlarda noroziliklarning yangi to‘lqinini keltirib chiqarganini aytdi. Namoyishlarda mamlakat bo‘ylab kamida 17 ta oliy o‘quv yurti talabalari ishtirok etdi. Bunga javoban xavfsizlik kuchlari universitet kampuslariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reydlar o‘tkazdi.
5 yanvar kuni Eron Islom Respublikasi sud hokimiyati vakili namoyishlar chog‘ida hibsga olinganlarga nisbatan yengil munosabatda bo‘lmasligini aytdi.
Namoyishlar axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingan 22 yoshli Marta Amini o’limidan so’ng norozilik namoyishlari boshlangan 2022 yildan beri eng yirik namoyishlar ekanligi aytilmoqda.
Eronda 28 dekabrdan beri keng ko’lamli norozilik namoyishlari davom etmoqda. OAV xabarlariga ko‘ra, namoyishlar Tehronning asosiy bozorida boshlangan, u yerda ko‘plab savdogarlar giperinflyatsiya va narxlar oshishiga qarshi norozilik sifatida o‘z do‘konlarini yopishgan.