Iqtisodiyot

Eron valutasi denominatsiya qilindi, undan to‘rtta nol olib tashlanadi

Published

on


Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon valutani denominatsiya qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi va bu haqda Markaziy bankni xabardor qildi.

Foto:Ashkan Forouzani/Unsplash

«Pizishkiyon Markaziy bank to‘g‘risidagi qonunning 58-moddasi «a» bandiga tuzatish kuchga kirgani to‘g‘risida Markaziy bank rahbariyatini xabardor qildi», deyiladi xabarda. Bu amalda milliy valutaning denominatsiyasini nazarda tutadi.

Shunday qilib, milliy valuta to‘rtta nolni yo‘qotadi – 10 ming riyol 1 riyolga tenglashtiriladi. Shuningdek, yangi valuta birligi – qiron joriy etiladi, u riyolning yuzdan bir qismiga teng bo‘ladi. Uch yillik o‘tish davri rejalashtirilgan bo‘lib, bu davrda mamlakatda ikki tomonlama muomala tamoyili amal qiladi: eski va yangi riyollardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Denominatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasi oktabr oyi boshida Eron parlamenti tomonidan qabul qilingan. Uni 144 deputat yoqladi, 108 nafari qarshi chiqdi, yana uch nafari betaraf qoldi.

Riyolni denominatsiya qilish rejasi birinchi marta 2019 yilda Eron hukumati tomonidan taklif qilingan va shundan beri ko‘plab o‘zgarishlarga uchragan. 2024 yilda Pizishkiyon riyolni 1979-yilgi Islom inqilobidan oldin mamlakatda ishlatilgan valuta – tuman deb o‘zgartirishni taklif qildi, ammo bu tashabbus rad etildi.

Eronda Markaziy bank tomonidan o‘rnatiladigan rasmiy kursga ko‘ra, 1 AQSh dollari qiymati 42 ming riyolga teng. Ammo valuta sotib olishdagi cheklovlar, sanksiyalar va yuqori inflatsiya tufayli odamlar dollarni sotib oladigan «qora bozor» paydo bo‘lgan. U yerda 1 dollar qiymati 1 mln 127 ming riyolga teng. Yillik inflatsiya (iste’mol narxlari indeksi) 2025 yil sentabr holatiga ko‘ra 45,3 foiz atrofida shakllanmoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra: 2024 yilda inflatsiya 32,5 foizni tashkil etgan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version