Iqtisodiyot
Eron urush va iqtisodiy inqiroz fonida rekord qiymatdagi banknotni muomalaga chiqardi
10 million riyollik yangi banknotaning muomalaga kiritilishi inflatsiyaning tez o‘sishi va aholi o‘rtasida naqd pulga bo‘lgan talabning keskin oshishi bilan bog‘liq.
Eron rasmiylari mamlakat tarixidagi eng yirik 10 million riyollik yangi banknota muomalaga kiritdi. Tehronning bu qadami inflatsiyaning tez o‘sishi va aholi o‘rtasida naqd pulga bo‘lgan talabning keskin oshishi bilan bog‘liq, deb yozdi RBK.
Yazddagi Jome’ masjidi va qadimiy Bom qal’asi tasvirlangan yangi pushti banknotlar shu haftada banklarda chiqdi. Eronliklar bankomatlar oldida uzun navbatlarda turishadi, shuning uchun ularda naqd pul tez tugamoqda.
Ko‘p sonli nollarga qaramay, banknotning haqiqiy qiymati atigi 7 dollar atrofida. Avvalgi rekord yaqinda, fevral oyi boshida chiqarilgan 5 million riyollik kupyuraga tegishli bo‘lib, bu milliy valutaning qadrsizlanish tezligini ko‘rsatadi.
Fuqarolarning ommaviy ravishda naqd pulga o‘tishiga nafaqat iqtisodiy omillar, balki raqamli to‘lovlarning barqarorligi bilan bog‘liq xavotirlar ham sabab bo‘lmoqda. Davom etayotgan harbiy mojaro va AQSh hamda Isroilning mamlakat infratuzilmasiga zarbalari fonida eronliklar elektron tizimlar ishlamay qolishidan qo‘rqib, ommaviy ravishda pul yechishni boshladi.
Vaziyat 11 mart kuni ham harbiy, ham tinch aholiga xizmat ko‘rsatuvchi Sepah banki binosiga raketa hujumidan keyin keskinlashdi. Garchi bankda bankomat va kartalardan foydalanish imkoniyati tiklangani aytilgan bo‘lsa-da, aholi orasida vahima yuzaga keldi, bu esa ulkan navbatlar va kassalardagi naqd pul zaxiralarining tezda tugashiga olib keldi.
Eron Markaziy banki bozorni tinchlantirishga urinib, yangi banknotning chiqarilishi faqat fuqarolarning pulga ega bo‘lishini osonlashtirishga qaratilganini, raqamli banking esa ustuvor vosita bo‘lib qolayotganini aytdi. Biroq, Financial Times ekspertlari buni chuqur inqirozning yana bir dalili sifatida ko‘rmoqda.
Ta’kidlanishicha, mamlakat iqtisodiyoti yillar davomida sanksiyalar, neft eksportidan daromadlarning pasayishi va yuqori darajadagi korrupsiyadan aziyat chekmoqda. Shunisi e’tiborga loyiqki, yangi banknotlarda nollarning bir qismi sezilar-sezilmas shriftda yozilgan – bu hukumatning denominatsiya o‘tkazish va milliy valuta qiymatidan to‘rtta nolni rasman olib tashlash rejalari bilan bog‘liq.