Sport
“Eron qachon rozi bo‘lgan o‘zi?”
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze CAFA finalidagi hakamlik haqidagi savolga: “Eron o‘zi qachon rozi bo‘lgan? Bu ularga xos narsa” deya javob berdi. Uning eronlik hamkasbi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida qatnashmadi. Mezbonlar yarimhimoyachisi Otabek Shukurov “hakamlar yordami” sababli “g‘alaba tatimagani”ni aytdi.
Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze Eron mag‘lub etilgan CAFA-2025 finaliga munosabat bildirdi. Uning o‘yindan keyingi matbuot anjumanidagi fikrlarini Tribuna.uz keltirib o‘tdi.
“Hammani tabriklayman. Oson o‘yin bo‘lmadi. Imkoniyatlar bo‘ldi, ammo gol darvozaga hadeganda kirmadi. Kurashlarga boy qiyin o‘yin bo‘ldi. Xudoga shukur yutdik, rahmat barchaga”, – dedi Kapadze.
Jurnalistlar o‘yin asabiy o‘tgani, eronliklar hakamlardan norozi ekanini aytib, hakamlikka munosabat bildirishini so‘radi.
“Eron o‘zi qachon rozi bo‘lgan? Bu ularga xos narsa. Epizodlarni ko‘rmadim, VAR aralashdi. Asosiysi – g‘alaba qozondik. Qolgani esa tarix”, – dedi bosh murabbiy.
U Eldor Shomurodov penaltidan foydalana olmagani haqida gapirarkan, Eldor tajribali futbolchi ekani, “kerakli paytlarda jamoani oldinga olib chiqa olishi”ni aytdi.
“Ikkinchi bo‘lim boshida yomon o‘ynadik. Keraksiz xatolar qildik. Ko‘rsatma berdim, ekstra taymlarda ishonchli harakat qildik. Eldorni ham, Sergeyevni ham yaxshi qo‘riqlashdi. Abbos, balki gavda jihatdan kichkinaligi uchun e’tibor berishmagandir. Ikkinchi bo‘limda ham imkoniyatlarimiz bo‘ldi. Ammo gol urolmagach, futbolchilar ham asabiylasha boshlashdi”, – dedi Timur Kapadze.
Murabbiy musobaqa davomida rotatsiyalar qilib borgani haqidagi savolga: “Hammaga imkon berdik, potensialini ko‘rdik. Turnirda o‘yinchilarni sinab oldik”, deya javob berdi.
Kapadze jarohat olgan asosiy darvozabon O‘tkir Yusupov MRT qilinishi, hozir unda og‘riq borligini aytib, O‘tkir tez orada safga qaytishiga umid bildirdi.
Eron jamoasi bosh murabbiyi Alirizo Fag‘oni final o‘yinidan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etmadi.
Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi
O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Otabek Shukurov o‘yindan keyin “Sport” telekanaliga bergan intervyusida “hakamlar sabab g‘alaba tatimagani”ni aytdi.
“Kayfiyatimiz a’lo darajada, lekin bundan ham yaxshiroq o‘ynay olamiz. Buni o‘zimiz ham bilib turibmiz. Raqib 10 kishi bo‘lib qoldi, hakamlar ham bizga yordam berdi.
Bu – o‘rtoqlik o‘yini. Asosiy vazifamiz – jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rish. Shuning uchun Erondek jahon darajasidagi jamoalarga qarshi bahslar bizga yordam beradi.
G‘alaba 100 foizlik darajada tatimadi, ammo futbolda har xil vaziyatlar bo‘ladi va tarixda natija qoladi”, – dedi Shukurov.
Toshkentdagi “Olimpiya” stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yinni qirg‘izistonlik Nurzat Abduqodirov boshqarib bordi. Uchrashuvda mehmonlar 5-daqiqadan boshlab bir kishi kam bo‘lib o‘ynadi. O‘yindagi yagona gol 120-daqiqaga borib urildi – unga Hojiakbar Alijonov mualliflik qildi.
Shu tariqa, O‘zbekiston ikkinchi CAFA Nations Cup-2025 turniri g‘olibi bo‘ldi. Mukofotlarni topshirish marosimida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va FIFA prezidenti Janni Infantino ishtirok etdi.
Har ikki yilda bir o‘tkaziladigan CAFA Millatlar kubogi ilk marta 2023 yilda o‘tkazilgan va O‘zbekiston finalda aynan Eronga 0:1 hisobida yutqazgan edi.