Sport
Eron milliy jamoasi JCh-2026 o‘yinlarini Meksikada o‘tkazish bo‘yicha muzokara olib bormoqda
Qur’aga ko‘ra, Eron milliy jamoasi JCh-2026 o‘yinlarini AQSh hududida o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Ammo davom etayotgan urush buni imkonsiz qilishi mumkin.
Tehron 2026 yilgi jahon chempionati o‘yinlarini Meksikada o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mahdiy Toj ma’lum qildi.
«Tramp Eron terma jamoasi xavfsizligini kafolatlay olmasligini aniq aytganligi sababli, biz Qo‘shma Shtatlarga bormasligimiz aniq. Biz FIFA bilan futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlarini Meksikada o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz», dedi Toj.
FIFA bunga rozilik bersa, Meksika 2026 yilgi jahon chempionatida Eron terma jamoasi o‘yinlarini o‘tkazishda muammoga duch kelmaydi, dedi bunga javoban Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum.
Tramp 12 mart kuni Eron terma jamoasining JCh-2026 turniriga kelishini maqsadga muvofiq emas deb hisoblashini aytgandi.
«Eron futbol terma jamoasi jahon chempionatida olqishlanadi, ammo men ularning hayoti va xavfsizligi uchun u yerga borishini o‘rinli bo‘lishiga chindan ham ishonmayman», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.
Avvalroq, 11 mart kuni Eron sport vaziri Ahmad Dunyomoliy Eron terma jamoasi yozda AQSh, Meksika va Kanada mezbonlik qiladigan turnirda ishtirok etmasligini ma’lum qilgandi. Biroq 16 mart kuni Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) Tehrondan terma jamoaning jahon chempionatidan chetlatilgani haqida hech qanday xabar olmagani ma’lum bo‘ldi.
Eron milliy jamoasi JCh-2026 o‘yinlarini AQSh hududida o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Qur’aga ko‘ra, ular Inglvud va Sietl shaharlarida Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya bilan kuch sinashadi.