Dunyodan
Eron islomiy mamlakatlarga chaqirmoqda
Eron Milliy Xavfsizlik Oliy Kengashi kotibi Ali Larijoniyning aytishicha, AQSh va Isroil hujumlari boshlanganidan beri hech bir islomiy davlat Eronni qo’llab-quvvatlamagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va tashqi tahdidlarga qarshi kurashish uchun islom olami birlashishi zarur.
Ali Larijoniy olti banddan iborat maktubida Eron qarshilik ko‘rsatishda davom etayotgani va islomiy hukumatning o‘z xalqini qo‘llab-quvvatlamaslik harakati Islomning mohiyatiga zid ekanini ta’kidladi.
“Ba’zi davlatlar bundan ham uzoqroqqa borib, Eron Amerika bazalariga, Amerika va Isroil manfaatlariga hujum qilgani uchun bizning dushmanimiz, deb da’vo qilmoqda! Mamlakatlaringizdagi Amerika bazalari Eronga qarshi hujumlar boshlaganini kuzatib o’tiramizmi?!”
Ular bahona izlaydilar. Bugun bu jangning bir tomonida AQSh va Isroil, boshqa tarafda musulmon Eron va qarshiliklar. Siz qaysi tarafdasiz?” dedi Ali Larijoniy.
U islom olamining kelajagini qayta ko‘rib chiqishga chaqirib, “AQSh hech qachon sizga sodiq bo‘lmaydi, Isroil esa sizning dushmaningizdir” dedi.
28 fevral kuni ertalab AQSh va Isroil Eronga qarshi harbiy amaliyotlarni boshladi. Ushbu hujum natijasida Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy halok bo’ldi. Bunga javoban Eron Fors ko‘rfazidagi Amerika nishonlariga, jumladan Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarga hujum qildi.