Sport
«Eron har doim xavfli jamoa»
Milliy jamoa bosh murabbiyi matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi.
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze CAFA Nations Cup-2025 turniri doirasidagi Qirg‘izistonga (4:0) qarshi o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini aytdi.
O‘zbekiston guruhda birinchi o‘rinni oldi va 8 sentabr kuni finalda Eron milliy jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
«Oson o‘yin bo‘lmadi. Raqiblarga ham minnatdorlik bildiraman, ular yetarlicha qarshilik ko‘rsatdi. Taktikani raqibga qarab tanladik. Pressingda bizga ko‘proq hujumchi kerak edi. Shu sabab 3 himoyachi sxemasini tanladik.
Har bir o‘yinda kimnidir alohida ajratib ko‘rsatish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Futbol — jamoaviy sport turi. Shunday ekan, unda hamma birdek g‘alabaga hissa qo‘shadi.
Eron bilan ko‘p o‘ynaganmiz. Tojikistonda o‘tgan o‘yinlarni kuzata olmadik. Sababi, o‘z o‘yinimiz bilan band edik. Shunga qaramay, ular har doim xavfli jamoa bo‘lib qoladi. Eronga qarshi yanada jiddiyroq tayyorgarlik ko‘ramiz.
Urugvay bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazamiz. Shuningdek, Argentinaga qarshi o‘rtoqlik bahsi o‘tkazish ham rejada bor edi.
Bizda hozir yuqori saviyadagi himoyachilar bor. Husanov, Aliqulov kabi himoyachilarning yetishib chiqayotgani biz uchun quvonarli.
Mundialgacha ishlab chiqilgan aniq rejamiz bor. Biroq hozirgi vaziyatni juda yaxshi tushunib turibsiz. Shunday ekan, hozir bir narsa deya olmayman», dedi Kapadze uchrashuvdan so‘ng.
Avvalroq, Yoahim Lyov va Paulu Bentu O‘zbekiston milliy jamoasini boshqarish taklifini qabul qilmagani haqida xabar berilgan edi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘FA milliy jamoani xorijlik murabbiyga topshirish ustida ishlamoqda.