Sport
Eron FIFAdan AQShda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etish kafolatini oldi
Eron TIV 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun FIFA kafolatlarini olganini ma’lum qildi.
Eron TIV rasmiy vakili Ismoil Baqoiy matbuot anjumanida Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Eron milliy jamoasiga bo‘lajak jahon chempionatida ishtirok etish bo‘yicha kafolat berganini ma’lum qildi.
«Ikki kun oldin Turkiyada Eron futbol federatsiyasi vakillari va FIFA yuqori martabali vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda bizga FIFA mezbon tomonlarning me’yorlarga rioya qilishi uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishi haqida kafolat berildi», dedi Baqoiy.
Kafolatlar eronlik sportchilarning huquqlarini ta’minlash, viza berish va xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq. Ilgari Eron AQSh bilan keskin munosabatlar tufayli ishtirok etish uchun 10 ta shart qo‘ygan edi (jumladan, delegatsiyaning barcha a’zolari uchun viza masalalari, bayroq va madhiyaga hurmat, xavfsizlik).
Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Eron JCh-2026 qur’asiga ko‘ra, G guruhida Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya bilan o‘ynashi, har uchala o‘yin ham AQSh hududida o‘tkazilishi kerak.
Avvalroq Eron milliy jamoasi viza muammolari tufayli 2026 yilgi jahon chempionatini o‘tkazib yuborishi mumkinligi xabar qilingandi. Shuningdek, AQSh va Isroilning Eronga hujumi ham bu masalani so‘roq ostida qoldirgan edi.