Dunyodan
Eron-AQSh muzokaralari juma kuni Maskatda bo’lib o’tadi
Eron va AQSh o’rtasida yadro dasturi bo’yicha muzokaralar juma kuni Ummon poytaxti Maskatda bo’lib o’tadi. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi X (sobiq Twitter) ma’lum qildi.
Uning yozishicha, muzokaralar mahalliy vaqt bilan 10:00 (Toshkent vaqti bilan 11:00) atrofida boshlanishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Axios muzokaralar mavzu va o‘tkaziladigan joy bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli bekor qilinishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Avvalroq muzokaralar Istanbulda bo‘lib o‘tishi aytilgandi.
Biroq, keyinchalik Axiosning xabar berishicha, bir qator Yaqin Sharq yetakchilarining aralashuvidan so‘ng har ikki tomon ham muzokaralarni baribir o‘tkazishga rozi bo‘lgan va joy sifatida Maskat tanlangan. Uchrashuvda AQShdan maxsus vakil Stiv Vitkoff ishtirok etadi. Hozirda u boshqa xalqaro nizolarni hal qilish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda.
Oq uy ham juma kuni muzokaralar Ummonda bo‘lishini tasdiqladi. News Nation telekanali Oq uy rasmiylariga tayanib xabar berishicha, muzokaralar Maskatda bo‘lib o‘tadi. Associated Press agentligining yozishicha, AQShning Turkiya o‘rniga Ummonni tanlash qaroriga arab yetakchilarining Eron hukumati pozitsiyasini ko‘rib chiqish chaqiriqlari ta’sir qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Maskat avvalroq Eron va G‘arb o‘rtasida yashirin va ochiq muzokaralar uchun neytral maydon bo‘lib xizmat qilgan.