Dunyodan
Eron AQSh bilan kelishuv memorandumi bo’yicha o’z majburiyatlarini to’xtatdi
Eron mojaroga barham berish uchun AQSh bilan imzolangan anglashuv memorandumi boʻyicha oʻz majburiyatlarini vaqtinchalik toʻxtatganini eʼlon qildi.
Eron tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Kazem Gʻolibobodiyning soʻzlariga koʻra, Eron hozirda mamlakat mudofaa masalalariga eʼtibor qaratmoqda va shuning uchun ham oʻzaro anglashuv memorandumi boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmayapti.
“Biz ham oʻz majburiyatlarimizni bajarishni toʻxtatdik. Ayni damda asosiy eʼtiborimiz mamlakat mudofaasini taʼminlashga qaratilgan”, — dedi u.
Avvalroq, 15 iyul kuni Eron parlamenti spikeri va Eronning AQShdagi muzokaralar delegatsiyasi rahbari Muhammad Boqir Qolibaf Vashington o‘z shartlarini bajarmasa, Eron memorandum shartlarini bajarishi ma’nosiz ekanini aytgan edi.
18 iyun kuni Eron va Vashington oʻrtasida mojaroga barham berish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Biroq 8 iyuldan beri AQSh kuchlari Eron hududiga bir necha bor hujum qilgan. AQSh Markaziy qo‘mondonligi bu harakatlarini Eronning Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan tijorat kemalariga qarshi harakatlariga javob sifatida baholadi.
Bunga javoban Eron kuchlari AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalariga hujum qildi. Tehron, shuningdek, Vashingtonni sulh memorandumini buzganlikda aybladi. AQSh prezidenti Donald Tramp 9 iyul kuni o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amalda emasligini aytdi.