Iqtisodiyot
Eng qimmat palov Toshkentda, eng arzoni Qoraqalpog‘istonda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyun oyida bir kilogramm palov tayyorlash uchun zarur mahsulotlar qiymati hududlar bo‘yicha turlicha shakllangan. Eng yuqori hisoblangan qiymat Toshkent shahrida kuzatilib, u 126 ming 807 so‘mni tashkil etdi.
Undan keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati – 123 ming 759 so‘m, Samarqand viloyati – 120 ming 721 so‘m va Toshkent viloyati – 120 ming 548 so‘m bilan qayd etildi. Qashqadaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida ham bir kilogramm palov tayyorlash qiymati 117–119 ming so‘m oralig‘ida shakllangan.
Eng past ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi. Bu yerda bir kilogramm palov tayyorlash uchun mahsulotlar qiymati 105 ming 215 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida 112 ming 222 so‘m, Andijon viloyatida esa 114 ming 625 so‘m hisoblangan.
Hisob-kitoblar palov tayyorlash uchun zarur bo‘lgan asosiy mahsulotlar narxi asosida amalga oshirilgan. Bunda 0,3 litr kungaboqar yog‘i, 300 gramm piyoz, 700 gramm mol go‘shti, 1 kilogramm sabzi, 1 kilogramm lazer guruch, 100 gramm no‘xat, 10 gramm zira va 20 gramm osh tuzi inobatga olingan.
Hududlar kesimida mahsulotlar narxining farq qilishi palov tayyorlash qiymatidagi tafovutlarni yuzaga keltirgan. Eng qimmat va eng arzon hududlar o‘rtasidagi farq 21 ming 592 so‘mni tashkil etgan.
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, ushbu qiymatlar faqat bir kilogramm palov tayyorlash uchun zarur mahsulotlarning bozordagi o‘rtacha narxlari asosida hisoblangan bo‘lib, tayyor palovning real sotuv narxini ifodalamaydi.