Iqtisodiyot

Energiyani tejash maqsadida gaz va svet iste’moliga cheklov kiritish taqiqlandi

Published

on


O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’molchilarni tarmoqdan ajratish va cheklov kiritish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu – prezident farmonida belgilab qo‘yildi. Farmon bilan, energiya samaradorligi va tejamkorligini oshirish bo‘yicha yangi choralar tasdiqlandi. Xususan, “Energiya samaradorligi – farovon hayot garovi” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yilmoqda.

2026 yilda energiya samaradorligini oshirishga doir prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjatda belgilanishicha, elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’molchilarni tarmoqdan ajratish va cheklov kiritish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmaydi.

2026 yil 1 iyuldan vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari va ijtimoiy soha muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning yangi quriladigan, rekonstruksiya (modernizatsiya) qilinadigan va mukammal ta’mirlanadigan bino va inshootlarida energiya samaradorligining “S” va undan yuqori toifasiga ega bo‘lish talabi kiritiladi.

Har yili energiya sarfi belgilangan normativlardan keskin oshib ketgan davlat obektlarida xalqaro standartlar va energiya servis mexanizmlari asosida energiya samaradorligini tubdan yaxshilash dasturlari amalga oshiriladi.

Energiya samaradorligi milliy agentligiga energiya servis kompaniyalari (ESKO) tomonidan davlat buyurtmalari asosida ko‘rsatiladigan energiya servis xizmatlari uchun kafolatlangan to‘lovlarni amalga oshirish huquqi beriladi. To‘lovlar Energiya samaradorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan to‘lanadi.

2026 yil 1 oktyabrga qadar obektlar kesimida katta hajmdagi ma’lumotlar (Big Data), biznes-tahlil (Business Intellegence) va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida energiya iste’molini va samaradorlik ko‘rsatkichlarini tahlil qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, har yarim yilda iqtisodiyotning energiya sig‘imini hisoblash va tegishli ma’lumotlarni e’lon qilib borish amaliyoti ham joriy qilinadi.

Kundalik hayotda energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish ko‘nikmalarini singdirishga qaratilgan “Energiya samaradorligi – farovon hayot garovi” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yiladi hamda aholi o‘rtasida targ‘ibot va tashviqot ishlari amalga oshiriladi.

Oliy ta’limdagi o‘quv dasturlariga energiya samaradorligi va tejamkorligini o‘rgatuvchi mavzular kiritiladi. Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarida tegishlicha tarbiyalanuvchi, o‘quvchi va talabalarda energiya tejamkorligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etib boriladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version