Jamiyat
Endi xonadonlarga gaz balloni shu tartibda beriladi
Turarjoy xonadonlarini maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlashda davlat xizmatini ko‘rsatish»ning ma’muriy reglamenti Hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Reglamentga ko‘ra, davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP (my.gov.uz) orqali vakolatli operator tomonidan ko‘rsatiladi.
Maishiy gaz balloni tabiiy gaz bilan gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi jismoniy shaxslarga beriladi.
Vakolatli operator ariza kelib tushgan kuni ma’lumotlarni «E-gaz» dasturida shakllantiradi.
1 ish kunida so‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tekshiradi.
3 ish kunida ariza beruvchini maishiy gaz balloni bilan ta’minlash masalasi joyiga chiqib o‘rganiladi. Bunda o‘rganish yakunlari bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Dalolatnomada keltirilgan xulosa ijobiy bo‘lgan taqdirda, ariza beruvchi bilan «Maishiy gaz ballonini vaqtincha foydalanishga berish to‘g‘risida» va «Suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish to‘g‘risida»gi shartnomalar 2 nusxada rasmiylashtiriladi.
Shartnomalar asosida ariza beruvchi «Face ID» tizimi orqali suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish uchun tegishli hisobvaraq bilan ta’minlanadi hamda unga 1 dona maishiy gaz balloni 12 ish kunida bepul yetkazib beriladi.