Jamiyat
Endi dorivor o‘simliklarni olish uchun davlatga to‘lov qilinadi
Hukumatning 245-sonli qarori bilan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash tartibini belgilaydigan yangi nizom tasdiqlandi. Hujjatga ko‘ra, endi dorivor va texnik xomashyo sifatida foydalaniladigan yovvoyi o‘simliklar maxsus ruxsatnoma asosida va haq evaziga yig‘iladi.
Yangi tartib jismoniy hamda yuridik shaxslarga tatbiq etiladi. Ular yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik obyektlarining foydalanuvchisi sifatida faoliyat yuritishi mumkin.
Nizomda oziq-ovqat maqsadida ishlatiladigan yovvoyi o‘simliklarni yig‘ish ham maxsus foydalanish tartibi asosida amalga oshirilishi belgilangan. Bu jarayon uchun zaxira hajmlari va hududlar oldindan aniqlanadi.
Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi yovvoyi o‘simliklarning texnik va dorivor xomashyosi zaxiralarini baholaydi hamda ularni maxsus foydalanish tartibida yig‘ish imkoniyatlarini belgilaydi.
O‘simliklar o‘sadigan yer maydoni kamida 0,1 gektar bo‘lishi, o‘t qoplamasi esa 10 foizdan kam bo‘lmasligi lozim.
Fanlar akademiyasi har yili 15-aprelgacha tuman va shaharlar kesimidagi mavjud zaxiralar bo‘yicha xulosalarni Ekologiya qo‘mitasiga taqdim etadi.
Shundan so‘ng yovvoyi o‘simliklardan maxsus foydalanishning yillik kvotasi shakllantiriladi. U har yili 10-maygacha Ekologiya qo‘mitasi raisi buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.