Iqtisodiyot
Endi biznes faoliyatida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimi joriy etiladi
Adliya vazirligi tomonidan Raqobat sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar o‘tkazish faoliyatida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimini joriy etish to‘g‘risidagi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfi avtomatlashtirilgan tarzda baholanadi.
Xavf darajasi davlat organlari axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, murojaatlar, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlar asosida aniqlanadi. Bunda tadbirkorlik subyektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumot talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xavfni baholash iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, raqobat, reklama, davlat xaridlari, tovar-xom ashyo birjalari faoliyati, shuningdek, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji hamda chakana savdosi sohalari bo‘yicha alohida mezonlar asosida amalga oshiriladi.
Tizimda huquqbuzarlik xavfi yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi subyektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilikka muvofiq tashkil etiladi.
Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik subyektlarida esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Shu bilan birga, elektron tizimda aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik subyektiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.