Sport
Emeri beshinchi bor Yevropa Ligasida g‘olib chiqdi
«Aston Villa» uning boshqaruvida 1982 yildan buyon ilk bor yevrokubokni qo‘lga kiritdi.
«Frayburg» – «Aston Villa» 0:3
Gollar: Tilemans, 41 (0:1). Buendiya, 45+3 (0:2). Rodjyers, 58 (0:3)
«Frayburg»: Atubolu, Linhart (Rozenfelder, 61), Ginter, Troy, Kyubler (Makengo, 73), Eggeshtayn, Hefler (Heler, 61), Manzambi, Grifo (Sherhant, 73), Beste (Gunter, 86), Matanovich
«Aston Villa»: Martines, Konsa, Pau Torres (Mings, 88), Din (Matsen, 81), Kesh, Lindelyof (Onana, 66), Tilemans (Duglas Luis, 88), Rodjyers, Buendiya (Sancho, 81), Makginn, Uotkins
Ogohlantirishlar: Troy, 5 – Buendiya, 15. Kesh, 21. Makginn, 84
Unai Emeri bungacha besh marta Yevropa Ligasi finallarida qatnashgan. Va shundan to‘rttasida g‘olib chiqqan («Sevilya» bilan uch marta, «Vilyarreal» bilan bir marta. «Arsenal» bilan finalga chiqqanida esa «Chelsi»ga yutqazgan).
«Frayburg»ga qarshi bu safargi finalda ham uning jamoasi favorit edi: finalga chiqqan jamoalarning moliyaviy imkoniyatlari ham, tarkibdagi futbolchilar darajasi ham bir-biridan uzoq edi. «Aston Villa» zaxira o‘rindig‘idagi futbolchilarning ko‘pchiligi «Frayburg»ning asosiy tarkibiga kira olgan bo‘lardi. Nemislar jamoasi boshlang‘ich tarkibidan o‘z tarbiyalanuvchilaridan yetti nafari o‘rin olgandi. O‘yindagi ilk zarbani aynan nemislar jamoasi yetakchilaridan biri Matanovich yo‘lladi. Bu zarba u qadar xavfli chiqmadi. Rodjyersning javob zarbasini qaytarish uchun esa darvozabon Atubolu o‘z mahoratini ishga solishi talab etildi.
Shundan keyin «Frayburg» tashabbusni to‘liq topshirdi. O‘z bu jamoa Bundesligada ham to‘pga egalik qilish bo‘yicha maqtana olmaydi. Yulian Shuster shogirdlari to‘pni jarima maydoniga qanotlardan va standart vaziyatlardan yetkazib berishga urg‘u qaratadi. Aynan shunday uzatmalardan biridan keyin Hefler to‘p uchun kurashda yutib chiqdi va olis burchak tomon xavfli zarba yo‘lladi, ammo zarbaga aniqlik yetishmadi.
Maydonda raqiblar bir-birini ayamay yakkakurashlarga kirishdi va 20-daqiqagacha bosh hakam cho‘ntagidan uch marta sariq kartochkasini chiqarishiga to‘g‘ri keldi. Bu kartochkalardan biri qizil bo‘lishi ham mumkin edi, ammo Metti Kesh Grifoga qarshi o‘ta qo‘pol harakat qilganida og‘ir jazodan qutulib qoldi.
Umuman, 40-daqiqagacha jamoalar ancha ehtiyotkorlik bilan harakat qildi va riskka bormadi. «Villa»ning bu vaqt oralig‘idagi to‘rtta zarbasidan ikkitasi himoyachilar tomonidan to‘sildi.
41-daqiqada esa inglizlar burchak zarbasini a’lo darajada ijro etishdi. Bu uyda tayyorlangan vazifa edi: to‘p yerdan o‘ynaldi, Rodjyers to‘pni jarima maydoni tashqarisida bo‘sh turgan Tilemansga oshirdi va belgiyalik yarimhimoyachi to‘pni to‘xtatmasdan kuchli zarba yo‘lladi.
Va «Aston Villa» bu bilan to‘xtamadi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Buendiya hech qanday qarshilikka uchramasdan raqib jarima maydoniga yaqinlashib bordi va chap oyog‘ida aylanma zarbasi bilan olis to‘qqizlikni aniq nishonga oldi.
Birminghemliklar bu mavsumda yigirmata golini jarima maydoni tashqarisidan urishdi va Angliyaning ulardan boshqa hech bir jamoasi bunday ko‘rsatkich bilan maqtana olmaydi.
Ikkinchi bo‘lim boshida esa «Frayburg» to‘liq kuch bilan oldinga o‘tganida qarshi hujumda navbatdagi golni o‘tkazib yubordi. Din, Buendiya ishtirokidagi ushbu hujumni himoyachilardan ildamroq harakat qilgan Rodjyers gol bilan yakunladi. 3:0 – bu endi nokaut edi.
O‘yinning qolgan qismida Yulian Shusterning yangi kuchlarni maydonga tashlashi hech narsani o‘zgartira olmadi. Buyog‘iga «Villa» saviyadagi yaqqol farqni namoyish etib, yirik hisobdagi g‘alabani ushlab qoldi.
Emeri yana bir bor Yevropa Ligasida kim xo‘jayin ekanini namoyish etdi. «Villa» esa uning boshqaruvida 1996 yildan buyon ilk sovrinini (Angliya ligasi kubogi) qo‘lga kiritdi. Shuningdek, ushbu sovrin birminghemliklar uchun 1982 yildan buyon qo‘lga kiritilgan ilk yevrokubok bo‘ldi, o‘shanda inglizlar jamoasi Yevropa chempionlari kubogi (hozirgi YeChL) g‘olibi bo‘lishgandi.
Klub muxlisi bo‘lgan shahzoda Uilyam o‘yinni tribunadan turib kuzatdi va g‘alabani nishonladi
Bundan tashqari, endi jamoa APLda nechanchi o‘rinni egallashidan qat’i nazar keyingi mavsumda YeChLda ishtirok etadi. «Frayburg» esa asosiy Konferensiyalar ligasida imkoniyatini sinab ko‘radi.