Jamiyat

Elektr ta’minoti korxonalari muhandislari pora olayotganda ushlandi

Published

on


Farg‘ona viloyati va Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida elektr ta’minoti korxonalarida faoliyat yurituvchi ikki muhandis xizmat mavqeidan foydalanib, turli masalalarni hal qilib berish evaziga pora talab qilgan vaqtida qo‘lga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda elektr ta’minoti korxonalari muhandislarining korrupsiyaviy harakatlari fosh etildi.

Xususan, Farg‘ona tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi fuqaroning qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga elektr tarmog‘i tortish, hisoblagich o‘rnatish va elektr ta’minotiga ulash, shuningdek, mansabdor tanishlari orqali ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 100 million so‘m talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida muqaddam sudlangan muhandis talab qilingan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Yana bir holatda esa Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi mahalliy fermer xo‘jaligining elektr energiyasidan to‘plangan 122 million so‘m qarzdorligini mansabdor tanishlari orqali bekor qildirib berishni va’da qilib, buning evaziga 50 million so‘m talab qilgan.

U muqaddam 10 million so‘m olgan bo‘lib, qolgan 40 million so‘mni olayotgan vaqtida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan muhandislarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version