Iqtisodiyot
Elchixonalarda tadbirkorlar uchun koll-markaz tashkil qilish taklif etildi
O‘z majburiyatini bajarmayotgan xorijdagi hamkorlar bilan sudma-sud yurishdan ko‘ra, ba’zan O‘zbekiston elchixonasining aralashuvi samaraliroq bo‘ladi, deya Xitoydagi o‘z tajribasidan misol keltirdi tadbirkor Faxriddin Ilyosov. U o‘zbek tadbirkorlari shunday vaziyatlarda elchixonalardan qo‘llov olishi uchun koll-markazlar tashkil etishni ilgari surdi. Jamshid Xo‘jayev taklifni qo‘llab-quvvatladi.
17 yanvar kuni Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlarning hukumat a’zolari va elchilar bilan ochiq muloqotini o‘tkazdi.
Unda so‘z olgan tadbirkor Faxriddin Ilyosov bir taklifni ilgari surdi: unga ko‘ra, xorijdagi hamkorlari tomonidan majburiyatini bajarmaslik muammosiga duch kelgan o‘zbek tadbirkorlariga o‘sha mamlakatdagi O‘zbekiston elchixonasi qo‘ldan kelganicha yordam ko‘rsatishi kerak.
“Chet eldagi kontr-agentlarimiz bilan muammolar bo‘lib turadi. Deylik, mahsulotni yoki pulimizni berishmaydi, bu bo‘yicha sudlashamiz, sudlarda yutamiz, lekin o‘sha davlatda ta’sir doiramiz kichkina bo‘lgani sababli, xalqaro sudlarda yutgan taqdirimizda ham, pulimizni ololmay qiynalib yuramiz.
Shunday bir keys bo‘ldiki, Xitoydagi bir tadbirkor pulimizni vaqtida qaytarib bermayotganda elchixonamizning oddiy qo‘ng‘irog‘i bilan hamma ish bitdi. Sababi, ular cho‘chishadi. Shunga elchixonalarda tadbirkorlar uchun koll-markaz bo‘lsa, bir dona xat yoki bitta telefon qo‘ng‘irog‘i bilan yordam berishsa. “Shu tadbirkordan qarzing bor ekan, yoki boshqa nizo bor ekan, shuni qilmayotgan ekansan, sening ishingni katta doirada ko‘taraman, TIVga yozaman, nota beraman”, deb turib, ta’sir o‘tkazsa, suddan ko‘ra ko‘proq natija bo‘lyapti. Shunga agar imkon bo‘lsa, juda yaxshi bo‘lardi”, dedi Ilyosov.
U elchixonadagi koll-markazga tadbirkorlar tomonidan bo‘ladigan shikoyatlar asosida o‘sha mamlakatdagi korxonalarning “qora ro‘yxati” ham tuzilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bu taklifni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“Menimcha, juda to‘g‘ri fikr. Ko‘p elchilarimizda, ayniqsa Rossiyada koll-markazi bor. Tadbirkorlarga ham shunday koll-markaz va shu kompaniyalar bilan ishlamanglar degan “qora ro‘yxat”ni ham qilish huquqiy tomondan qiyin bo‘lmasa kerak…
Agar har bir elchixonamiz o‘zining veb-saytida tadbirkorlar uchun koll-markaz qilib qo‘ysa, manimcha, juda qulay bo‘ladi”, – dedi Xo‘jayev.