Jamiyat
Ekologiya qo‘mitasi matbuot anjumani o‘tkazdi – tafsilotlar
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (“Green University”) ” Eco Expo Central Asia 2026″ xalqaro ekologik ko‘rgazmasi, Global ekologik jamg‘armaning (GEF) VIII Assambleyasi, shuningdek, “Green University” va “yashil” texnikumlar faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Ekologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Javohir Abduxoliqov, qo‘mita departament rahbari Bahrom Xolxo‘jayev, “Green University” rektori, professor Baxtiyor Pulatov, qo‘mita va tizim tashkilotlari xodimlari, hududiy boshqarmalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Jusipbek Kazbekov O‘zbekiston yana muhim xalqaro ekologik tadbirlar o‘tkaziladigan maydonga aylanayotganini ta’kidladi. Ushbu tadbirlar doirasida atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalariga alohida e’tibor qaratilishi qayd etildi. Jumladan, iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga bardoshlilikni oshirish, bioxilma-xillikni saqlash, yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash, suv resurslarini boshqarish hamda atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, u Markaziy Osiyodagi yagona ixtisoslashgan ekologik universitet — “Green University” hamda uning huzurida tashkil etilayotgan «yashil» texnikumlar faoliyatiga alohida to‘xtaldi. Ushbu texnikumlarda ekologiya sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanishi, bu esa nafaqat O‘zbekistonda, balki butun mintaqada ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Javohir Abduxoliqov Global ekologik jamg‘armaning (GEF) VIII Assambleyasi haqida ma’lumot berdi. Assambleya doirasida yuqori darajadagi 9 ta davra suhbati, 50 dan ortiq sayd-iventlar o‘tkazilishi, qator xalqaro tashabbuslar e’lon qilinishi va yangi ekologik loyihalar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Assambleya yakunlari bo‘yicha «yashil» loyihalarga grant va investitsiyalar jalb etilishi, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik kengaytirilishi, iqlim o‘zgarishiga moslashuv loyihalari qo‘llab-quvvatlanishi, Orolbo‘yi ekotizimini tiklash dasturlari ilgari surilishi, bioxilma-xillikni saqlash, qayta tiklanuvchi energetika va barqaror qishloq xo‘jaligi loyihalari rivojlantirilishi, shuningdek, qo‘shma transchegaraviy tashabbuslar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tadbir xorijiy delegatsiyalar va ekspertlar oqimini oshirish, biznes turizmini rivojlantirish hamda xizmat ko‘rsatish va logistika sohalarida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Bahrom Xolxo‘jayev ” Eco Expo Central Asia 2026″ xalqaro ekologik ko‘rgazmasiga alohida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, mazkur tadbir dunyoning 100 dan ortiq davlatidan vakillar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus, investorlar, ekologik mahsulot ishlab chiqaruvchilar, ekoinnovatorlar, davlat organlari va ekspertlar hamjamiyatini birlashtiradi. Ko‘rgazma doirasida ekologik mahsulot va xizmatlarga bag‘ishlangan 68 dan ortiq pavilon tashkil etiladi.