Sport

Ehtimoliy rekordlar, seriyalar va revanshlar. JCh yarimfinallari oldidan 11 intriga

Published

on


Bellinghemda Maradonaning natijasini yaxshilash imkoni bor.

14 va 15 iyul kunlari 2026 yilgi jahon chempionatida yarimfinal uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. FIFA reytingida yuqori to‘rt o‘rinni egallab turgan jamoalar ushbu bosqichdagi juftliklarni hosil qilishdi: Fransiya (uchinchi o‘rin) – Ispaniya (ikkinchi) va Angliya (to‘rtinchi) – Argentina (birinchi). 2025 yil noyabrida kiritilgan yangilik buni ta’minladi. O‘shanda FIFA o‘z reytingidagi eng yuqori to‘rt o‘rinni egallab turgan jamoalar o‘z guruhlarida birinchi o‘rinlarni olib chiqadigan bo‘lsa, pley-offning turli setkalarida joylashishini ma’lum qilgandi. Amalda ham shunday bo‘ldi va bu to‘rt jamoa yarimfinalga qadar o‘zaro uchrashmadi. Endi muxlislarni intrigaga boy o‘yinlar kutmoqda. Bu jamoalar qanday syujyetlar tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi mumkin?

Fransiya Yevro-2024 yarimfinali uchun revansh oladimi?

Ispanlar va fransuzlar Yevro-2024 yarimfinalida ham to‘qnashgandi. O‘shanda Luis de la Fuente shogirdlari g‘alaba qozongan (2:1), finalda ham Angliyani mag‘lub etib, qit’a chempioniga aylangandi. E’tiborli jihati, o‘sha o‘yindagi uchta gol ham 25-daqiqaga qadar urib bo‘lingandi. Avvaliga Randal Kolo Muani fransuzlarni hisobda oldinga olib chiqqan, bunga raqib Lamin Yamal va Dani Olmoning gollari bilan javob qaytargandi. Ispanlar kambek amalga oshirishi uchun to‘rt daqiqa yetarli bo‘lgandi. Bu safar fransuzlar revansh olmoqchi va buning uchun yaxshi imkoniyatga ega.

Mbappe JChdagi gollar soni bo‘yicha Messiga yetib oladimi?

Lionel Messi jahon chempionatlarida eng ko‘p gol urgan futbolchi bo‘lib turibdi. Argentinalik hujumchi oltita turnirda jami 21 gol urgan, ammo ertami kechmi uni Kilian Mbappe ortda qoldirishi aniq. Fransuz futbolchisi undan 12 yoshga kichikroq va yana kamida bitta jahon chempionatiga boradi. Agar jarohat olib, formasini yo‘qotmaydigan bo‘lsa, bu raqam ikkitaga oshishi ham mumkin. Shu bilan birga, Mbappeda hozirning o‘zida Leoga yetib olish imkoni bor. Ispaniyaga qarshi o‘yinda gol uradigan bo‘lsa, uning gollari soni ham 21 taga yetadi. Mbappe Ispaniyaga qarshi to‘rt marta o‘ynagan va ikki gol urgan.

Fransiya qatorasiga uchinchi finalga chiqadimi? Yoki Ispaniyada tarixdagi ikkinchi final bo‘ladimi?

Bunga ishonish qiyin, ammo Ispaniya jahon chempionatlarida atigi bir marta finalda o‘ynagan. 2010 yilda JARda bo‘lib o‘tgan turnirda ispanlar oltin medallarni qo‘lga kiritgandi. Fransiyaning JCh finallariga chiqishi esa, odatiy holatga aylanib bormoqda. Dide Desham shogirdlari Rossiyadagi mundialda ham, Qatardagisida ham bosh sovrin uchun hal qiluvchi o‘yinda maydonga tushgandi. Fransuzlar «Lujniki»da oltin medallarni o‘ziniki qilgan, ammo arablar diyorida kumush bilan kifoyalangan. Muhim nyuans: faqat ikki jamoa JChda qatorasiga uch finalda o‘ynagan. GFR 1982, 1986 va 1990 yillarda, brazillar esa – 1994, 1998 va 2002 yillarda shu bosqichgacha yetib kelgan.

De la Fuente pley-offlardagi seriyasini davom ettiradimi? (u JCh va Yevroda jami 13 ta mag‘lubiyatsiz seriyaga ega)

Luis de la Fuente Ispaniya milliy jamoasini 2023 yil boshida qabul qilib olgandi. O‘shandan buyon «Qizil furiya» muhim turnirlarda biror marta mag‘lub bo‘lmadi. 2024 yilgi Yevropa chempionatida ispanlar guruhda uch, pley-offda to‘rt o‘yinda g‘alaba qozongandi. Shimoliy Amerikada o‘tayotgan jahon chempionatida faqat Kabo-Verde guruh bosqichida Ispaniyadan ochko ololdi (0:0). Pley-offda de la Fuente shogirdlari uchta o‘yinda ham asosiy vaqtda g‘alaba qozondi. Yakun: YeCh va JChda 13 o‘yin, 12 g‘alaba, bitta durang. Fransuzlar raqibning ajoyib seriyasiga yakun yasay oladimi?

Ispaniya darvozasida kim turadi?

Ispanlarda darvozabonlar bilan g‘aroyib holat kuzatilmoqda. David Rayya va Joan Garsiya – klublar miqyosida top darajadagi darvozabonlar hisoblanadi. Ammo ularning ikkisi ham Ispaniya milliy jamoasi o‘yinlarida zaxirada o‘tiribdi. De la Fuente «Atletik» bilan o‘rtacha mavsum o‘tkazgan Unai Simonga ishonch bildirmoqda. Ushbu darvozabon bu turnirda atigi bitta gol o‘tkazdi va quruq seriya bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Lekin o‘tgan o‘yinlarda uning darvozasiga jiddiy xavf ham bo‘lmadi (jami 6 o‘yinda u atigi 5 ta seyv ijro etishiga to‘g‘ri kelgan), qolaversa, u ba’zida (ayniqsa, Belgiya bilan o‘yinda) o‘zini ishonchsiz tutib, ispaniyalik muxlislarni hayajonga solmoqda. Endi muxlislar undan kuchliroq raqiblarga qarshi boshqa darvozabonni tushirishini xohlashmoqda. Murabbiy ularga quloq soladimi yoki o‘z tanlovida qoladimi?

Ispaniyaning elita mudofaasi Mbappe, Dembele va Oliseni to‘xtata oladimi?

Fransuzlar hujum chizig‘ida elita guruhga ega. Mbappe jahon chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lishga da’vogar, Maykl Olise turnirning eng yaxshi assistentlari ro‘yxatini boshqarmoqda (beshta golli uzatma), Usmon Dembele esa «gol+pas» uchinchi o‘rinda (7 ochko). Ispaniya milliy jamoasi qarshisida o‘ta qiyin vazifa turibdi – ushbu top futbolchilarni to‘xtatish. De la Fuente shogirdlari butun turnir davomida atigi bitta gol o‘tkazib yuborgan, ammo fransuzlar deyarli har o‘yinda kamida ikkita gol urmoqda. Faqat Paragvayga qarshi o‘yin bundan mustasno (1:0).

Angliya 60 yil ichida ilk bor JCh finaliga chiqadimi? Yoki Argentina qatorasiga ikki chempionlik uchun yaqinlashadimi?

Angliya milliy jamoasi 1966 yildan buyon jahon chempioni bo‘lmagan. Bundan tashqari, futbol vatani jamoasi 60 yildan buyon finalda ham o‘ynamagan. 1990 va 2018 yillarda inglizlar final ostonasida to‘xtagandi. Jamoa bu turnirda omadsiz seriyasiga barham bera oladimi? E’tiborli jihati, Angliya bu safar ilk bor Yevropadan tashqaridagi turnirda yarimfinalgacha yetib kela oldi. Bungacha jamoa faqat Angliya, Italiya va Rossiyada o‘tgan turnirlarda oxirgi to‘rtlikka kira olgan. Argentinaliklar esa, o‘z navbatida jahon chempioni maqomini saqlab qolishga harakat qilmoqda. 1962 yildan buyon hech bir jamoaga jahon chempionatida qatorasiga ikki bor g‘olib bo‘lish nasib etmagan. O‘shanda bu ishni brazillar uddalashgandi. Endi Janubiy Amerikaning boshqa bir jamoasida bu tryukni takrorlash imkoniyati bor.

Skaloni Yevropa jamoalariga qarshi seriyasini davom ettiradimi? (mag‘lubiyatsiz 10 o‘yin)

Argentina milliy jamoasi Lionel Skaloni boshqaruvida Yevropa jamoalariga mag‘lub bo‘lmagan. Bu hayratlanarli seriya yetti yildan buyon davom etmoqda. Qatardagi mandialda argentinaliklar Polsha, Niderlandiya, Xorvatiya va Fransiyani, bu safargisida – Avstriya va Shveytsariyani mag‘lub etdi. O‘rtoqlik uchrashuvlarida estonlar va islandlar, Finalissimada Italiya ham mag‘lub etilgan. Va faqat 2019 yil oktyabrida nemislar o‘rtoqlik uchrashuvida Argentina bilan durang o‘ynagan. Inglizlarni xavotirga solishi mumkin bo‘lgan statistika. Lekin Angliyada Skaloni shogirdlarining seriyasiga barham berish uchun imkoniyat yetarli.

Bellinghem Maradonaning rekordini yo‘qqa chiqaradimi? (ularning ikkisi ham JCh pley-offlarida qatorasiga ikki o‘yinda 2+ gol urishgan)

Jud Bellinghem buyuk Diyego Maradona bilan bir qatorda. 1986 yilda argentinalik ushbu futbolchi jahon chempionati pley-offida qatorasiga ikki o‘yinda ikkitadan gol urgandi. Angliyalik yarimhimoyachi 40 yil o‘tib bu natijani takrorladi. Agar Bellinghem argentinaliklar darvozasiga ham ikki gol uradigan bo‘lsa, eksklyuziv rekord sohibiga aylanadi. Lekin bunga erishish oson emas. Boshqa tomondan, Jud hozirda juda ajoyib formada. Unda Maradonaning rekordini Argentina bilan o‘yinda ortda qoldirish imkoni yuzaga kelgan.

Messi Angliyaga qarshi ilk o‘yinida gol uradimi?

Bu fakt ko‘pchilikni ajablantirishi mumkin, lekin Lionel Messi bunga qadar biror marta Angliya milliy jamoasiga qarshi o‘ynamagan. Bu jamoalar 2002 yildan buyon jahon chempionatlarida bir-biriga ro‘baru kelmagan. Bundan tashqari, Messi hech qachon JCh «Oltin butsa»sini qo‘lga kiritmagan, ammo hozir Mbappe bilan turnirning eng yaxshi to‘purari maqomi uchun shiddatli kurash olib bormoqda. Leo chorakfinalda to‘xtadi va JCh-2026 o‘yinida ilk bor gol urolmadi. Uni inglizlar ham zararsizlantiradimi? Yoki u yana gollari sonini oshirib oladimi?

Qaysi final takrorlanadi: JCh-2022 yoki Yevro-2024?

Asosiy intriga: finalchilar juftligi qanday ko‘rinishda bo‘ladi? Bunda to‘rt variant bor. Agar finalga Fransiya va Argentina yo‘l olsa, muxlislarni JCh-2022 finali remeyki kutadi. Yarimfinallarda Ispaniya va Angliya g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, Yevro-2024 finali takrorlanadi. Shuningdek, Ispaniya va Argentina juftligi ham amalga oshmagan Finalissimani taqdim etishi mumkin – o‘tgan yili Yevropa va Janubiy Amerika chempionlari uchrashishi kerak edi, ammo bu o‘yin Yaqin Sharqdagi mojaro tufayli bekor qilingandi (o‘yinni Saudiyada o‘tkazish mo‘ljallangandi). Endi bu jamoalar jahon chempionati finalida o‘sha o‘yin uchun ham o‘ynab qo‘yishi mumkin.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version